Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Do‘konlarga o‘z mahsulotlarini sotish, xaridorlarga esa pullarini iqtisod qilish imkonini beruvchi loyiha «Open Data Challenge 2017» g‘olibi bo‘ldi

Do‘konlarga o‘z mahsulotlarini sotish, xaridorlarga esa pullarini iqtisod qilish imkonini beruvchi loyiha «Open Data Challenge 2017» g‘olibi bo‘ldi

«Open Data Challenge 2017» tanlovining g‘olib va sovrindorlari.

Foto: «Inha.uz»

2017-yilning 15-dekabr kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida «Open Data Challenge 2017» tanlovining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Open Data Challenge 2017» xakatoni 2017-yilning 30-noyabridan 3-dekabrigacha ikki bosqichda o‘tkazildi.

30-noyabr va 1-dekabr kunlari ro‘yxatdan o‘tgan 400dan ziyod ishtirokchilar mahorat maktablari va seminarlarda ishtirok etdilar. Ushbu tadbirlar davomida ishtirokchilar malakali mutaxassislar yordamida dizayn-fikrlash, jamoalarni shakllantirish, Python tili asosida ma’lumotlarni tahlil etish, «Lean Startup» va «Customer Development» metodologiyasi, blokcheyn va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ldilar.

2 va 3 dekabr kunlari trening hamda mahorat darslarida olgan bilimlari, ochiq ma’lumotlar asosida o‘z loyihalarini yaratdilar.

Xakaton doirasida 63ta jamoa hakamlar hay’ati e’tiboriga ijtimoiy (47ta loyiha) va biznes (16) loyihalarni havola etishdi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, «Ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ishlab chiqilgan eng yaxshi biznes loyiha» nominatsiyasida «SAVE IT» jamoasi (Toshkent shahridagi INHA universitetining talabalari Nasiba Lutfullayeva, Muhayyo Toshpo‘latova, Akbarxon Aminov va Avaz Alimov)  g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«SAVE IT» jamoasi mobil ilova va Telegram-bot ishlab chiqdi. Mazkur servis foydalanuvchilarga yaroqlilik muddati o‘tib borayotgan tovar va mahsulotlarga beriladigan chegirmalar to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beradi. Loyiha do‘konlarga o‘z mahsulotlarini sotish va xarajatlarni kamaytirish, xaridorlarga esa pullarini iqtisod qilish imkonini beradi.

«Ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ishlab chiqilgan eng yaxshi ijtimoiy loyiha» nominatsiyasida «Umbrella Soft» jamoasi (TATU talabalari Ulug‘bek To‘xtayev, Adizbek Ergashev, Jahongir Ismoilov va Muhriddin G‘ayratov) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«Umbrella Soft» jamoasi «MyID» loyihasini taqdim etdi. Loyiha O‘zbekiston fuqarolariga ayrim davlat xizmatlaridan foydalanish hamda Yo‘l harakati xavfsizligi (YHX) jarimalari va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Loyiha doirasida ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan elektron mehnat daftarchasini tatbiq etish ham nazarda tutilgan.

«All Eyez On Me» jamoasi esa «Xakatonning eng innovatsion loyihasi» nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Ushbu jamoa a’zolari — Toshkent shahridagi INHA universitetining talabalari Anvar Mo‘minov, To‘rabek G‘aybullayev, Behruz Mirtursinov va Javohir Abduqahhorovlar inson yuzini aniqlaydigan apparat majmuini taqdim etishdi.

Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, «alphaZET», «Flyber Entertainment», «Diamond Solutions», «Tag» jamoalari rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovar bo‘lishdi.

Ma’lumot o‘rnida:

«Open Data Challenge» — bu ochiq hukumat ma’lumotlariga asoslangan mahsulotlarni tez ishlab chiqish bo‘yicha musobaqa bo‘lib, u O‘zbekiston uchun nisbatan yangi bo‘lgan ochiq ma’lumotlar g‘oyasini targ‘ib etishga qaratilgan.

Xakatonning asosiy vazifasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) va O‘zbekiston davlat organlari veb-saytlarida joylashtirilgan hamda xususiy sektor tomonidan taqdim etilgan ochiq ma’lumotlar orasida ijtimoiy va innovatsion ilovalar va xizmatlar yaratishdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring