Dasturchilar «16 million yevrolik» ishni 2 kunda bajarib, vazirni iste’foga chiqarishdi
O‘tgan hafta Chexiyada bo‘lgan voqeaga barcha davlatlar xizmatchilari e’tibor qaratishsa arziydi. Ko‘ngilli dasturchilar davlat budjetining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymasdan, tekinga sayt yaratib berishgan, deb xabar bermoqda «Terabayt».
Voqea bunday bo‘lgan: Transport vazirligi shubhali bir tender o‘tkazgan, unda yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli avtomagistrallarda yurish uchun elektron ruxsatnomalar sotish servisini yaratish ishi qo‘yilgan edi. Bu boradagi davlat buyurtmasiga ko‘ra, 400 million Chexiya kroni (taxminan 16 million yevro) evaziga internet-do‘kon hamda iOS va Android tizimlari uchun ikkita ilova yasash kerak edi. Buyurtma uchun ochiq konkurs o‘tkazilmagan va bu ish to‘rt yillik shartnoma bilan Asseco Central Europe firmasiga topshirilgan.
Ushbu buyurtma mamlakat dasturchilari orasida norozilikka sabab bo‘lgan – ular davlat xalqning mablag‘ini «ochiqdan-ochiq talon-toroj etyapti», deb hisoblashgan. Actum Digital kompaniyasi sohibi Tomash Vondrachek (Tomas Vondracek) ushbu tenderni «bema’nilik» deb atagan va o‘sha to‘rt yillik deb hisoblangan ishni ikki kunda qilish mumkinligini e’lon qilgan.
Vondrachek mahalliy dasturchilarni yig‘ilib, davlat buyurtmasidagi kabi servis yasash bo‘yicha xakaton o‘tkazishga chorlagan. Rejaga ko‘ra, shunchaki bitta haftaning dam olish kunlari – shanba va yakshanbada Praga shahridagi Actum Digital ofisida ishlash va o‘shanaqa saytni yaratib, hukumatga sovg‘a qilish kerak bo‘lgan.
Uning chaqirig‘iga Chexiya bo‘ylab 300 dan ortiq dasturchi «labbay!» deya javob bergan va #Znamkamarada xakatonida qatnashish uchun 24 yanvar – juma kuni Actum Digital ofisiga ulardan 60 nafari kelib ish boshlashgan. Yakshanba kuni kechqurungacha ular fairznamka.cz platformasini tayyorlab ulgurishgan.
Darvoqe, xakaton masalasi shov-shuv bo‘lib ketganidan, u bo‘lib o‘tayotgan dam olish kunida Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ham kelib dasturchilarning ishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Xullasi kalom, 27-yanvar – dushanba kuni sayt allaqachon test rejimida ishga tushirilgan; holbuki, transport vaziri bunga 4 yil vaqtni va yana 16 million yevro miqdorida xalq mablag‘ini isrof qilmoqchi edi! To‘g‘ri, sayt hali davlat tizimiga ulanmagan, ammo barcha kerakli funksiyalarni bajarar edi.
Chexiya hukumati avvaliga bu yordam uchun pul to‘lamoqchi bo‘lgan, ammo xakaton oldidan rejalanganidek, dasturchilar uni davlatga shunchaki sovg‘a qilishgan. Bosh vazirning ta’kidlashicha, Transport vazirligi endi ushbu tizimni 2020-yilning 1-dekabrigacha to‘liq joriy etib ishga tushiruvchi kompaniyani topish uchun ochiq tanlov o‘tkazadi. Bu gal endi shartnoma qiymati ancha arzon bo‘ladi; Vondrachek qolgan ishni dastlab belgilangan 400 million kronning chorak qismicha narxga baholagan, ammo o‘z kompaniyasi bu tanlovda qatnashmasligini aytgan.
Ko‘ngilli dasturchilar ikki kundayoq bajargan shu ishga davlat budjetidan yirik miqdordagi mablag‘ni xarjlamoqchi bo‘lgani uchun transport vaziri Vladimir Kremlik iste’foga chiqarilgan. Pudratchi – Asseco Central Europe vakillari ham, kompensatsiya talab etmasdan shartnomani to‘xtatishga rozi ekanliklarini e’lon qilishgan.
Vondrachek fikricha, protest sifatida ko‘ngilli dasturchilar bepul sayt yaratib berishi voqeasidan so‘ng davlat xizmatchilari xalqning soliqlaridan shakllanayotgan budjetni sarflashda talon-torojga yo‘l qo‘yishmasligi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter