Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Boshqa dasturlash tillariga ham o‘qiting» — o‘qituvchilarni kurslar qiziqtirib qo‘ydi (video)

«Boshqa dasturlash tillariga ham o‘qiting» — o‘qituvchilarni kurslar qiziqtirib qo‘ydi (video)

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyatining 368 ta maktabidagi 757 nafar informatika o‘qituvchisidan 150 nafari «C++» dasturlash tili bo‘yicha Xalq ta’lim vazirligi tashabbusi, «SmartGov» hamkorligidagi 144 soatlik o‘quv kurslarida qatnashmoqdalar.

Informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha yangi darsliklar joriy qilinishi kutilmoqda. Bu kitoblarda dasturlash tillari bo‘ladi, albatta. Respublika fan olimpiadalarida «C++» dasturlash tilidan savollar paydo bo‘la boshlagan.

12-maktab o‘qituvchisi Zarifa Xojiyeva bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «O‘tgan yili informatika va axborot texnologiyalari fanidan Respublika olimpiadasida o‘quvchim qatnashdi. Unga tushgan masalada «C++» dasturlash tilidan savol bor edi. Men bugun olayotgan bilimlarim endilikda shunday masalalarni o‘quvchilarimga tushuntirishda yordam beradi».

Mamlakatimiz yoshlari orasida «ayti» bo‘yicha jahon olimpiadalari ishtirokchilari va g‘oliblari ulushini oshirish, dasturlash bilimlarini yoshlikdan o‘rgatish, sifatli bilim berish bugunning dolzarb masalasi bo‘lib qolmoqda.

«Boshlanishida qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Bu til bilan tanish emas edilar, yosh bilan bog‘liq muammolar ham bor edi. Lekin hozir yomon emas, a’lo darajada desak ham, bo‘ladi», — deydi Qiziltepa tumanida trenerlik qilayotgan Feruz Tohirov.

Feruz Tohirov har kuni Navoiy shahridan Qiziltepaga kelib dars o‘tadi. Uning aytishicha, o‘qituvchilarning qiziqishi sababli ham o‘zida shijoat topadi.

Navoiy viloyati AKT mutaxassisi Bekzod Niyozov ham o‘quv jarayonlari bo‘yicha ma’lumot berdi: «Viloyatimizda jami 757 nafar informatika o‘qituvchisi bor. Ularning 150 nafari «C++» dasturlash tili bo‘yicha darslarda qatnashyapti. Har safar jarayonni kuzatgani borganimda «Boshqa dasturlash tillariga ham o‘qiting!» deb so‘rashadi. O‘qituvchilarimizning qiziqishi kutilganidan ham yuqori. Biz, albatta, ularni zamonaviy dasturlash tillariga o‘qitishda davom etamiz».

Navoiy viloyatining 3 ta shahar 8 ta tumanida ishlar jadal ketmoqda. Buni Navoiy, Karmana, Qiziltepa, Navbahor tumanlari misolida ko‘rish mumkin. «Xabar.uz» joylarda bo‘lib, jarayonlarni bevosita kuzatdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring