Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir yil smartfondan voz kechganga kompaniya 100 000 dollar bermoqchi

Bir yil smartfondan voz kechganga kompaniya 100 000 dollar bermoqchi

Foto: «Phonearena»

Nima qilsa zamonaviy smartfon foydalanuvchisi bir yil «aloqadan tashqarida» qolishga rozi bo‘ladi? «Coca-Cola» kompaniyasining sho‘’basi — vitaminli ichimliklar ishlab chiqaruvchi «Vitamin Water» buni sinab ko‘rmoqchi va ana shunday «mard» topilsa naq 100 ming dollar bilan mukofotlamoqchi. Bu haqda «Phonearena» yozmoqda.

Yuz ming dollarlik sinovda qatnashish uchun nomzod, birinchidan, AQShda yashashi kerak (afsus), ikkinchidan, kompaniyaning «Twitter» yoki «Instagram»iga o‘z fotosuratini yuborib, nima uchun smartfonni buncha uzoq muddat ishlatmaslikka qaror qilganini, qurilmadan «bo‘sh vaqti»ni nimalarga sarflashini bildirishi kerak. Xabarda #nophoneforayear va #contest xesh-teglari bo‘lishi, matni esa tashkilotchilarni ishontirishi va hayratlantirishi lozim.

Nomzodlar o‘rtasidagi saralash 2019-yilning 8-yanvar kuni tugaydi va 100 minglik sovrin uchun kurashuvchi bitta inson qoldiriladi. Shartnoma qoidalariga ko‘ra, unga internetsiz oddiy tugmali telefondan 365 kun davomida foydalanishga ruxsat beriladi. Smartfon yoki planshetdan juda qisqa fursat va bir marta foydalanishga ham ruxsat yo‘q. Noutbuklar va ish kompyuterlarini ishlatishga ruxsat etiladi. Ochig‘ini aytish kerak, tanlov shartlari uncha qiyin emas, biroq shuncha da’vogar orasidan o‘tishning o‘zi bo‘lmasa kerak.

Turgan gapki, bir yil davomida tanlov qatnashchisini «poylab yurish»ning iloji yo‘q. Ammo final bosqichida g‘oliblikka nomzod yolg‘on detektori imtihonidan o‘tkaziladi...

Agarda tanlov qatnashchisi shartnoma shartlariga yarim yil dosh bera olgan taqdirda ham quruq qolmaydi, biroq va’da qilingan mukofotning o‘ndan biri — 10 ming dollarni oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring