Bill Geytsning «aka»si
Olamga mashhur «Microsoft» korporatsiyasi deyilganda hammamizning ko‘z o‘ngimizga albatta milliarder Bill Geyts keladi. Lekin «Microsoft» bir kishining mehnat mahsuli emas. Uning asoschilari ikki kishi – Pol Allen va Bill Geyts bo‘lishgan. Bill Geyts haqida ko‘p va xo‘b o‘qiganmiz, navbat Pol Allenga.
«Microsoft» g‘oyasi kimdan chiqqan degan savolga hali-hanuz javob topilgani yo‘q. Kimdir bu Geytsning ishi desa, yana kimlardir hamma ishni bajargan inson Pol Allen deya e’tirof etishadi. Lekin shunisi aniqki, kompaniya endigina faoliyat boshlagan, faqat ikkovigina ishlagan paytlarda Pol g‘oyalarni amalga tatbiq etish, yangi mahsulotlar yaratish bilan, Bill esa mahsulotlarni reklama qilish hamda mijozlar topish bilan shug‘ullanardi. Gap shundaki, yuqori texnologiyalar barq urib rivojlangan yillar suronida Allenning nomi bir qadar unutilgani bois hamma yutuqlar Geytsga qolib ketdi.
Pol Gardner Allen Sietlda, 1953 yilning 21 yanvarida tug‘ilgan (ya’ni Geytsdan ikki yosh katta). Maktabda o‘qib yurgan chog‘larida u elektronikaga qiziqishi tufayli xuddi o‘zi kabi qiziqishlar sohibi Bill bilan yaqinlashadi. Bolakaylarning texnikaga intilishlari ularni o‘sha paytlarda go‘yo ushalib bo‘lmasdek tuyulgan orzular sari yetaklaydi – bu ikki bilimdon kompyuterlarni (to‘g‘rirog‘i, elektron hisoblash mashinalarini) har bir xonadonga, har bir insonga yetkazib berishdek murakkab ishga bel bog‘lashadi.
Pol 18 yoshida Vashington universitetiga o‘qishga qabul qilinadi, lekin Bill bilan do‘stligi davom etadi. Ularning dastlab ochgan kompaniyalari nomi «Traf-O-Data» deb nomlanadi, lekin bu kompaniya biror-bir foyda bermaydi, faqat shafqatsiz bozor sharoitida ikkovlonning tajribasi oshgani qoldi, xolos. 1974 yilning qishida Pol «Popular Electroniss» jurnalini varaqlayotib, MITS kompaniyasi «Altair» ilk personal kompyuterini yaratgani haqidagi xabarni o‘qib qoladi. Zarur dasturlarsiz «Altair» befoyda bir buyum ekanligini yaxshi anglab yetgan Pol Billni yetaklab MITCga boradi va ikki do‘st kompaniya rahbariyatini kerakli dasturlarni aynan ularga buyurtma berishga ko‘ndirishadi. Bu yulduzli onlarning boshlanishi edi.
1975 yilda ular o‘z kompaniyalariga asos solishadi. Kompaniya nomi ustida ikki do‘st rosa bosh qotirishadi. «Outsorporated Ins.» yoki «Unlimited Ltd.» nomlari hech kimga yoqmaydi, «Allen va Geyts» esa advokatlik byurosini eslatardi. Uzoq izlanishlardan so‘ng «Microsoft» nomiga to‘xtalishdi. Micro – bu mikrokompyuterlar, Soft – esa dasturlash degani edi. Shuncha yillar o‘tib bu kompaniya gigant korporatsiyaga aylangan bo‘lsa-da, haligacha shu nomga mos faoliyat yuritib kelmoqda.
Ishlar jadal rivojlanib ketadi, pullar ko‘payadi. Hammasi ko‘ngildagidek ketayotgan bir paytda, 1982 yili Parijda yurgan Pol bo‘ynida kuchli og‘riq sezadi. Shifokorlarning tashxisi dahshatli edi – xojkin kasalligi, saratonning og‘ir bir turi...
Pol hamma ishlarini yig‘ishtirib Sietlga qaytadi va mashaqqatli muolajalarni boshlab yuboradi. Uzoq urinishlardan so‘ng dard ortga chekinadi. Sog‘ayib ketsa-da, Pol «Microsoft»ga qaytishga shoshilmaydi. Kasallik uni hayotga o‘zgacha nuqtai nazar bilan boqishga undagandi. Hamma narsa o‘tkinchi ekanligini anglagan Pol aksiyalarning yirik paketi va direktorlar kengashidagi o‘rnini saqlab qolgan holda «Microsoft»ni tark etadi.
Endi u faqat ko‘ngli nimani tusasa shu bilangina shug‘ullana boshlaydi: dunyo kezadi, xayriya ishlariga bosh qo‘shadi, qo‘shiqlar aytib albom chiqaradi, foydali-foydasiz loyihalarga ayamay pul sovuradi. Zero, u buni o‘ziga ep ko‘ra olar, «Microsoft» ortidan kelayotgan milliardlar uning har qanday ermagini oqlardi.
Pul sarflashnigina emas, pul topish tizginini ham o‘zida ushlab turgan Pol hozirgi kunda 140dan ortiq yetakchi kompaniyalar aksiyalariga ega. Ular orasida katta-katta foyda oladigan «DreamWorks» kinokompaniyasi, AQSh kabelli televideniyesi, eng ommabop shoularni uyushtiruvchi kompaniyalar bor.
Allenning «Vulsan Ventures» sarmoyadorlik guruhi ajabtovur ilmiy loyihalarni moliyalashtiradi. Polning eng hayron qolarli loyihasi 1992 yilda tuzilgan «Interval Researsh Corp.» kompaniyasi bo‘ldi. Uning vasiyligi ostida eng yetakchi olimlar har qanday tijorat ishlaridan xoli tarzda faqat ilm bilan shug‘ullanishardi.
2000 yilga kelib Allenning o‘zi 250 million dollar sarflangan bu loyihaning yopilishini e’lon qildi. Olimlarning barcha g‘oya va yangiliklarini shartnomaga ko‘ra o‘ziniki qilib oldi. Lekin bu yangiliklarni birortasi hayotga tatbiq etilmadi va foyda bermadi. Shunday bo‘lsa-da, Polni yaxshi biladiganlar uning kelajakda albatta bu g‘oyalarni yaxshigina pullashini ta’kidlashmoqda. Zero, hayot yo‘llarining shuncha o‘nqir-cho‘nqirlariga qaramay «Forbs» reytingida yuqori o‘rinlarni va 12 milliard dollarni qo‘lga kiritgan insondan mag‘lubiyat kutish noo‘rin.
O‘tgan yillar davomida Allen va Geyts kompaniyasi tomonidan turli davrlarda aytilgan va tasdig‘ini topmagan, ya’ni qip-qizil xatodan iborat gaplar ommaga e’lon qilindi:
- 1980 yil — «Dasturlar tuzish ortidan boyib ketish mumkin emas» (aslida esa aynan dasturlar ularni milliarderlarga aylantirdi);
- 1993 yil — «Bizga internetning mutlaqo qizig‘i yo‘q» (buning mutlaqo aksi bo‘ldi);
- 1996 yil — «640 kilobayt xotira har qanday inson uchun yetarli» (bunisi hech kurakda turmaydi, hozir bitta surat ham bundan og‘ir);
- 2004 yil — «Keraksiz xatlar — spamlar yaqin yillar ichida unutiladi» (bu gap shirin orzudan o‘zga narsa emasligi ayon bo‘ldi).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter