«Bilayn» iqtisodiy tang ahvoldami? Abonent to‘lovi oshirilishi sabablarini qidiramiz
Kecha «Xabar.uz» saytida «Bilayn» abonent to‘lovi narxlarini keskin oshiradi, «UMS» va «Uzmobile»-chi?» maqolasi e’lon qilingach, sayt va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda mobil aloqa abonentlaridan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi.
Berilgan savollarning aksariyati bir mazmunda: «Nega aynan «Bilayn» abonent to‘lovi narxlarini oshirdi?»
«Bilayn» kompaniyasi o‘z izohida «kompaniya oxirgi marta 2013-yil 5-noyabrda abonent to‘lovi narxini o‘zgartirganini, davlat foydasiga so‘nggi besh yil davomida qo‘shilgan badallar sonining ortishi natijasida, 4 yil mobaynida ushbu xarajatlarni o‘z zimmasiga olib, bir vaqtning o‘zida tarmoq infratuzilmasini rivojlantirgani, investitsiyalarni ko‘paytirib, xalqaro internet-kanalning imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini olib borgani»ni keltirib o‘tgan.
Bir qarashda asosli izoh. Lekin yana o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega milliy kompaniyalar — «UMS» va «Uzmobile» narxlarni o‘zgarishsiz qoldirdi? Ularning imkoniyati «Bilayn»nikidan yuqorimi? Yoki eng katta abonentlar bazasiga ega «Bilayn» iqtisodiy tang ahvolga tushib qoldimi?
Savollarga javob topish maqsadida telekommunikatsiya operatorlarining o‘tgan yilgi daromadlarini o‘rgandik. Buni qarangki, olingan natijalar yuqoridagi taxminning mutlaqo aksini ko‘rsatdi.
2017-yilda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasining daromadi 7 684,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Yuqoridagi diagrammadan ko‘rish mumkinki, umumiy daromadda «Bilayn» kompaniyasining ulushi eng ko‘p — 30 foizni tashkil etgan. «Ucell» — 26 foiz, «UMS» — 7 foiz, «O‘zbektelekom» kompaniyasi («Uzmobile» ham uning ichida) esa 19 foiz ulushga ega.
Bu sohada eng yuqori daromadga ega kompaniyaning iqtisodiy chorasizlikdan kunlik abonent to‘lovlarini oshirganiga ishonish qiyin. Demak, bu yerda boshqa sabablar bor.
Mavzuga yana qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter