Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arzonlashgan internet, keng polosali ulanish va hududlardagi o‘zgarishlar haqida

Arzonlashgan internet, keng polosali ulanish va hududlardagi o‘zgarishlar haqida

Bugun, 22 aprel kuni AOKAda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Mazkur brifingda Axborot texnologiyalari sohasidagi telekommunikatsiya yo‘nalishidagi islohotlar, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va sohada kadrlarni tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z bordi.

2021-yilning birinchi choragida bajarilgan ishlar

2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda birinchi choragida 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilomertgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. 2021 yil oxiriga qadar portlarning soni 3,9 milliongacha yetkaziladi.

Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021 yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirildi.

2020 yilda Respublika bo‘yicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yil birinchi chorakda 945 ta baza stansiyalari ishga tushirilib, jami 32,68 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Internet narxlari

Bugungi kunda mobil internet xizmatlari narxlarini ya’nada arzonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qolaversa, 2019-2020 yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2021 yil yanvardan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 000 so‘m deb belgilangan. Bu, o‘z navbatida, operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. 2021 yil maydan ushbu xizmat joriy narxi yana 30 foizga arzonlashtirilmoqda.

Olib borilayotgan ushbu  samarali ishlarni xalqaro portallar ham e’tirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini 33 pog‘onaga ko‘tardi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, 2020 yil fevral oyida ushbu saytda  https://www.cable.co.uk/  O‘zbekistonda 1 Gigabayt mobil internet narxi 1,34 AQSh dollarini tashkil etgan. Mobil internet narxi arzonligi bo‘yicha ro‘yxatda O‘zbekiston 54-o‘rinni egallaganini ko‘rsatgan edi. 

Ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublikada 10 ming 156 ta umumta’lim maktablari, 5 ming 625 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 3 ming 401 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlari mavjud bo‘lib, joriy holatiga 9 ming 347 ta  xalq ta’limi, 5 ming 625 ta  maktabgacha ta’lim muassasalari va 3 ming 401 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlariga jami 18 ming 373 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.

Hududlarda kompleks choralar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi yillarda hududlarda ham bir qator kompleks ishlar olib borildi.

Prezidentimizning Samarqand viloyatiga joriy yilning 15-16 aprel kunlari qilgan tashrifidan so‘ng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ishchi guruh tomonidan viloyatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilanib, sohaning har bir yo‘nalishi joyida o‘rganilib vazifalar belgilanmoqda.

Sohaning ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olinmoqda.

Birinchi navbatda, 3,7 ming km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 134,1 ming raqamli qurilmalar o‘rnatiladi.

125 ta qo‘shimcha mobil aloqa tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish va 156 ta mavjud tayanch baza stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali hududda yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovi darajasi 82 foizga yetkaziladi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlarining barchasida 1 ming 100 ta (100 foiz) yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Ikkinchidan, pochta aloqasi sohasini isloh qilish doirasida Paxtachi, Payariq va Qo‘shrabot tumanlaridagi pochta aloqa bog‘lamalari raqamli transformatsiya qilinadi va ularda 15 turdagi Elektron hukumat va bank xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, viloyatda IT sohasida yoshlarga sharoit yaratish, kadrlar malakasini oshirish va mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, Qo‘shrabot, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari» tashkil qilinadi.

To‘rtinchi navbatda, tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Jomboy, Qo‘shrabot, Narpay, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarida informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi.

Ushbu belgilangan vazifalar Samarqand viloyatida axborot texnologiyalarni joriy qilish sohasida asosiy poydevor vazifasini bajaradi.

Samarqand viloyatida 2021 yilning  birinchi choragida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 3,6 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatilib, umumiy sig‘imi 296 mingga yetkazildi. Shuningdek, 2 ming kilometr  optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 10,1 ming kilometrga yetkazildi.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazi darajasida 400 Gbit/sekundga oshirildi.

Viloyatdagi 1 ming 100 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 752 tasida  optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida joriy yilda 46 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Natijada hududdagi aholi maskanlarida mobil aloqa qamrovi 99,3 foiz hamda tezkor mobil internet qamrovi 79,2 foizga yetdi. Hozirgi kunda mobil aloqa stansiyalarining umumiy soni 4 ming 113 tani va mobil abonentlar soni 2,39 million nafarni tashkil etmoqda. Viloyat bo‘yicha aholi yashash maskanlari 100 foiz raqamli televideniye signallari bilan qamrab olingan.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 212 ta pochta aloqa bo‘limlari aholiga pochta aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. «O‘zbekiston pochtasi» AJ Samarqand filiali tomonidan 2020 yilda jami 10,3 milliard so‘mlik pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatildi. Aholiga interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida «O‘zbekiston pochtasi» AJning 23 ta aloqa bo‘limlarida 15 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 15 ta pochta aloqa bo‘limlarida autsorsing asosida bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

«Besh muhim tashabbus» jumladan, 3-tashabbus doirasida viloyatning 11 ta shahar va tumanlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Mazkur o‘quv markazlarida joriy yilning o‘tgan davrida 978 nafar yoshlar o‘qishga jalb qilinib, 386 nafari o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi. Shuningdek, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 155 nafar yoshlar va «Ayollar daftari»ga kiritilgan 76 nafar xotin-qizlar o‘qitildi. Shu bilan birga viloyatdagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan 1ming 331 ta raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi to‘garaklarga 38 ming 358 nafar o‘quvchi - yoshlar jalb etildi.

«Bir million dasturchi» loyiha doirasida viloyatda hozirga qadar 19 ming 737 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 4 ming 935 nafari bitiruvchi sertifikatini oldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring