«Amazon» xaridlarni to‘g‘ri avtomobilingiz yukxonasiga yetkazib beradi
«Amazon» kompaniyasi avvalroq yuklarni dronlar yordamida yetkazib berishni sinovdan o‘tkazgan edi, o‘tgan yili esa xaridor uyda bo‘lmasa ham buyurtmani eltib berishni boshlagan. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya yana bir xizmatni joriy etgan: buyurtmalarni mijoz avtomobili yukxonasigacha yetkazib beradi. Bu haqda «Hi-News» xabar berdi.
Yangi xizmat «Key In-Car» nomini olgan bo‘lib, u «General Motors» va «Volvo» avtomobil kompaniyalari bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababli xizmatdan hozircha faqat mazkur markadagi avtomobil egalari foydalana oladi. Bundan tashqari ishtirokchilarga ayni vaqtda bir qator talablar qo‘yilgan: avtomobil eng kamida 2015-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lishi, haydovchining «OnStar» yoki «Volvo on Call»da akkaunti bo‘lishi kerak.
«Amazon» posilkalarining o‘lchami esa 65x55x40 santimetrdan, og‘irligi 23 kilogrammdan oshmasligi kerak. Shuningdek, «Key In-Car» xizmati orqali xaridorning imzosi qo‘yilishi zarur bo‘lgan yoki qiymati 1300 dollardan yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berilmaydi.
Yetkazib berish xizmati Vashington va Kaliforniyada so‘nggi yarim yil ichida sinovdan o‘tkazildi. Hozirda «Amazon Prime» servisining barcha obunachilari ushbu xizmatdan oyiga 10,99 dollar to‘lab foydalanishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter