AKT vazirligida dolzarb masalalar muhokama qilindi
Bugun, 22-oktyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining dolzarb vazifalarini ijro etishga bag‘ishlangan yig‘ilish videokonferensaloqa orqali o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda Vazirlikning markaziy apparati, tizimdagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, videokonferensaloqa orqali Vazirlikning joylardagi hududiy boshqarmalari, tizimdagi korxona va tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda mazkur Farmon qabul qilinishi va unga asosan «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasining tasdiqlanishi O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirishda dasturilamal bo‘lishi alohida aytib o‘tildi.
Farmonga muvofiq 2020-2022 yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etilishi hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 280 dan ortiq axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida olib borilayotgan choralarni kuchaytirish talab qilgan bir qator dolzarb yo‘nalishlar ham ko‘rsatildi. Respublikamizda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, elektron hukumat tizimini rivojlantirish, pochta sohasini modernizatsiyalash, IT tadbirkorlar va IT startaplar uchun keng imkoniyat yaratish, vazirlik tizimdagi o‘quv muassasalari faol ishtirokini ta’minlangan holda IT kadrlarni tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter