AKT vaziri boysunlik yoshlar bilan uchrashdi (video, foto)
Mamlakatimizda har yili 30-iyun — «Yoshlar kuni» bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ana shu bayram arafasida, 26-iyun kuni Boysun tumanidagi 1-kasb-hunar maktabida «Vazir, hokim va yoshlar uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Boysun tumani hokimi Asqarali Jo‘rayev ishtirok etdi.
Maktabga kiraverishda boysunlik hunarmandlar, yoshlarning qo‘l mehnatlari bilan yaratilgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mehmonlar e’tiborini karton qog‘ozdan yasalgan mashinalar o‘ziga tortdi. Uni tumandagi 5-maktab o‘quvchisi Komron Akmalov yasagan. Qizig‘i, bu mashinalar harakatlanadi. Komron o‘z mashinalari haqida shunday jo‘shib gapirdiki, uning iqtidori, intilishiga beixtiyor tasanno aytasiz.
Uchrashuvni Boysun tumani hokimi Asqarali Jo‘rayev ochib, keyingi uch-to‘rt yilda tumanda axborot texnologiyalari sohasida sezilarli ishlar qilinganini e’tirof etdi. Shundan so‘ng AKT vaziri Shuhrat Sodiqov so‘z olib, mard Alpomishlar, go‘zal Barchinoylar yurti Boysunda ko‘zi yonib turgan shijoatli yoshlar bilan uchrashayotganligidan mamnunligini bildirdi.
«Vazirlik jamoasi siz aziz yoshlarning nafaqat savollaringizga javob berishga, balki taklif va g‘oyalaringizni amalga oshirishga kamarbasta bo‘lish uchun kelgan, – dedi Shuhrat Sodiqov. – Shuning uchun taklif va g‘oyalaringizni aytishdan tortinmanglar».
Avvalida biroz tortinib turgan yoshlar bu so‘zlardan keyin dadil o‘z takliflarini aytishdi, ba’zi loyihalarni amalga oshirishda ko‘mak berishni iltimos qilishdi.
Boysun tumanida 117 ming aholi yashasa, ularning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Tabiiyki, ularning ilm olishga, hunar o‘rganishga ishtiyoqlari baland. Savollarining aksariyati ham zamonaviy bilim olishga oid bo‘ldi. Mazkur savollarga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va «IT-Park» rahbarlari javob berishdi.
Yoshlardan ilhomlangan Boysun tumanidagi 1-kasb-hunar maktabi direktori Ro‘zigul Xolmo‘minova ham o‘quv laboratoriya ochishda ko‘mak so‘radi. AKT vaziri bu masalada albatta yordam berilishini ma’lum qildi.
Taniqli baxshi, «Shuhrat» medali sohibi O‘rolbaxshi Rahimovning chiqishi ham uchrashuvga o‘zgacha bir ruh baxsh etdi.
Muloqot davomida savollar ham, taklif va g‘oyalar ham ko‘p bo‘ldi. Uchrashuv yakunida eng yaxshi taklif, g‘oya va savollar bergan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-may kuni AKT vazirining xonobodlik, 11-iyun kuni esa qiziltepalik yoshlar bilan qiziqarli uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter