Abituriyentlarga imtihon manzilini ko‘rsatib beruvchi mobil ilova ishlab chiqildi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan 2020-2021-o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzilini ko‘rsatib beradigan «ImtihonGo» nomli maxsus mobil ilova yaratildi.
«ImtihonGo» mobil ilovasi Davlat test markazi tomonidan e’lon qilingan 2020−2021-o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzillari asos qilib olingan hamda shu manzillar ilovaga kiritilgan.
Ilova mualliflari TATU magistri G‘.Nazarov hamda «Radio va mobil aloqa» fakulteti talabasi H.Baxtiyorovlardir.
— Albatta, har bir yaratilgan dastur yoki startap qandaydir ma’noda insonlarning og‘irini yengil qilishi, jamiyatdagi mavjud vaziyat yoxud muammolarga texnologik yechim berishi, harakatlarni optimallashtirishi, ortiqcha vaqt, harajatdan forig‘ bo‘lishiga yordam berishi kerak. Biz ham «ImtihonGo» mobil ilovasi orqali mamlakatimizdagi minglab abituriyentlarni yaqin oylarda bo‘lishi kutilayotgan test sinovlarini topshirishda ortiqcha qiyinchiliklarsiz, kerakli manzilga tez va aniq yetib borishda ko‘mak bermoqchimiz. Masalan, Samarqand viloyatidagi Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida test sinovlari o‘tkazish ko‘zda tutilgan. To‘g‘ri, bu joy shaharlik aholi uchun ma’lum bo‘lishi mumkin, ammo tumanlardan imtihonga keluvchi abituriyentlar uchun manzilni topishda qiyinchiliklar vujudga kelishi tabiiy. Keyin ko‘plab abituriyentlar manzilni qidirib ortiqcha vaqt yo‘qotishlari, ortiqcha xarajat qilishlari mumkin. Shuningdek, manzilni qidirib turli odamlar bilan muloqotda bo‘lishlari mumkin. Bu esa bugungi pandimiya davrida juda xavflidir. Ushbu dastur esa abturiyentlari og‘irini yengil qiladi, kerakli manzilni tez va oson topib borishida katta yordam beradi degan fikrdamiz, – deydi loyiha muallifi G‘.Nazarov.
— Ushbu dastur android platformasida yaratilgan bo‘lib, ilovaga Davlat test markazi tomonidan e’lon qilingan imtihon geomanzillari joylashtirdik va Google Map (Google xarita)ga integratsiya qildik. Test topshirmoqchi bo‘lgan talaba o‘ziga kerakli manzilni vizual tanlashi hamda bilvosita xarita orqali imtihon o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan manzilga xaritada ko‘rsatilgan yo‘riqlar orqali borishi mumkin. Dasturni juda ham oson va sodda qilib yaratdik, – deydi dasturchi H.Baxtiyorov.
Ma’lum bo‘lishicha, ilovaga yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolar ro‘yxati hamda geomanzillari to‘liq kiritilgan. Agarda biror sabablarga ko‘ra DTM tomonidan ko‘rsatilgan manzillarda yangilanish vujudga kelsa, ilovani ham tezda yangilash, o‘zgartirishlarni tezda qo‘shish va bu o‘zgarishni foydalanuvchilarga yetkazish reja qilingan.
Ayni vaqtda mobil ilova foydalanishga tayyor.
Mamlakatimizdagi OTMlarga kirish uchun imtihon topshirish istagida yurgan abiturentlar mobil ilovani yuklab olishlari mumkin.
Ilova Google Play’ga joylashtirilgan bo‘lib, dasturni shu ilova orqari yuklab olish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter