Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

7-maktabning 7 nafar o‘quvchisiga nega sertifikat berildi? (foto)

7-maktabning 7 nafar o‘quvchisiga nega sertifikat berildi? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Axborot texnologiyalari sohasi iqtisodiyot lokomotiviga aylanib ulgurgan. Ammo bu sohani rivojlantirish uchun esa malakali kadrlar zarur. Mamlakatimizda oldin mazkur yo‘nalishda kadrlar asosan ixtisoslashgan kollej va birgina Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tayyorlanib kelingan. Keyin vaziyat o‘zgardi.

TATUning beshta filiali, INHA va Amiti universitetlarining filiallari ochildi. Marra yanada kattaroq olindi, ya’ni maktab davridanoq yoshlar tili bilan aytganda «aytishnik»larni tayyorlash boshlandi. Toshkentda AKT fanlariga  ixtisoslashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Endilikda o‘quvchilarni maktab davridanoq axborot texnologiyalariga qiziqtirib, kelgusida tizimda kadrlar zaxirasini shakllantirish, talabgir soha mutaxassilarini tayyorlashga ahd qilindi. Birin-ketin hududlarda AKTga ixtisoslashgan tayanch maktablari ochila boshlandi.

Kuni kecha, 20 yanvar kuni AKTga ixtisoslashgan tayanch maktablari biri Buxoro shahrida tantanali ravishda ochildi.

AKT vazirligi, «UNICON.UZ» DUK va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi mutaxassislari Buxorodagi 7-o‘rta maktabni tom ma’noda AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirib berishdi. Eng zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan sinfxonalar nafaqat maktab jamoasi va o‘quvchilarni, balki shahar aholisini ham quvontirib yubordi.

Ochilish marosimida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, UNICON.UZ direktori Maxsum Mahmudov, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Bahrom Ziyayev, IT-Park direktori Farhod Ibragimov va jamoatchilik vakillari, yoshlar qatnashdi.

Maktabning 5-sinfiga 28 nafar o‘quvchi test sinovlari orqali qabul qilingan edi. Ochilish marosimida ana shu test jarayonlarida eng yuqori ball to‘plagan 7 nafar o‘quvchi va «Bir millionchi dasturchi» loyihasida g‘olib bo‘lgan 7 nafar buxorolik o‘qituvchilarga sertifikatlar topshirildi.

— Bu yutuqlar yangi zafarlaringizning boshlanishi bo‘lsin, — dedi taqdirlash marosimida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. — Yoshlarimizni kuchli mutaxassis bo‘lib yetishishlarida bundan zo‘r sharoitlar yaratishga doim tayyormiz. Ustozlarga sharafli kasblarida kuch-quvvat tilaymiz.

Maktabda iqtidorli o‘quvchilar ko‘p. Ular mehmonlarga o‘zlari yasagan robotlar imkoniyatlarini namoyish qilishdi. Maktabning 9-sinf o‘quvchisi Nodirbek O‘ktamov shulardan biri. Nodirbek ikki nafar o‘rtog‘i bilan telegram messenjerida maxsus bot yaratib, Xakaton tanlovida g‘olib bo‘ldi. Tanlov g‘olibi sifatida uch o‘rtoq 6 ming dollar sohibi bo‘lishdi. 

O‘n to‘rt yoshida bunday natijaga erishish, albatta, quvonarli. Demak, «aytishnik» bo‘lish ham zamonaviy kasb egasi, ham yuqori mablag‘ topish imkonini berishi bilan yanada ahamiyatlidir. Yurtimizda ana shunday iqtidor egalari ko‘paysin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring