Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozgi ta’tildan unumli foydalanish uchun 6 tavsiya

Yozgi ta’tildan unumli foydalanish uchun 6 tavsiya

Foto: «Xabar.uz»

Xash-pash deguncha yozgi ta’tilning ham bir oyi o‘tdi. Odatda bolalar birinchi oyni haqiqiy dam olish bilan o‘tkazadi. Ota-onalar ham «O‘qish endi tugadi, dam olsin avval», degan maqsadda bolalarni erkinroq qo‘yadi: ertalab uyg‘otmaydi, gadjetlar va ko‘chada o‘ynash vaqtlari ancha cho‘ziladi. Bobo-buvilarnikida ham endi haftalab mehmon bo‘lish mumkin.

Lekin to‘liq uch oyni shunday o‘tkazib yuborish – isrof. Bolani maksimal darajada dars qilishga majburlash ham to‘g‘ri yechim emas. Mutaxassislar fikricha, eng to‘g‘ri yo‘l: o‘qish va o‘rganishni o‘yin tarzida, bosimsiz olib borish ekan. Hatto yozgi ta’lim ancha samaraliroq ham hisoblanadi.

  1. Yozda diqqatni bir joyga jamlash osonroq

O‘quv yilida bir qancha fanlar, o‘qishga borib-kelish va qo‘shimcha to‘garaklar sabab o‘quvchi bitta fan yoki yo‘nalishga bor diqqatini qarata olmaydi. Yozda esa bu tashvish yo‘q. Biror hunar o‘rganish yoki badiiy kitob o‘qish, til o‘rganish va yoki o‘zi yoqtirgan fan bilan chuqurroq shug‘ullanish uchun yozgi ta’til eng qulay vaqt.

  1. Yozda bolalarning ijodkorlik qobiliyati ko‘proq ochiladi

Tig‘iz kun tartibidan erkin rejimga tushgan o‘quvchi, chuqurroq fikrlay boshlaydi. Yozda ochiq havoda ko‘proq sayr qilish, hech qayerga shoshmaslik va ertangi uy vazifalar degan yukning yo‘qligi ijod qilishga undaydi. Bolalarning birinchi hikoyasi yoki she’ri ham odatda yozgi ta’tilda yozilar ekan. Bu vaqtda kimdir rasm chizishi, biror buyum yasashi ham mumkin.  Yoz – ijod va yangi qirralarni ochish imkoniyati.

  1. O‘qishdan uzoqlashgan miya yangi o‘quv yilini boshlashga qiynaladi

Uch oy faqat dam olib, charxlanmay qo‘ygan miya dangasalashib qoladi. Eski bilimlar esdan chiqa boshlaydi, yangi o‘quv yiliga moslashish qiyinlashadi. Hatto qo‘llar yozishga ham qiynalib qolishi mumkin. Har kuni bir soatdan bo‘lsa ham o‘qish va yozish bilan shug‘ullanish yangi o‘quv yiliga oson moslashib ketishni ta’minlaydi.

  1. Yozgi mashg‘ulotlar qiziqarliroq bo‘ladi

Bolalar uchun mo‘ljallangan o‘quv oromgohlari, yozga mo‘ljallangan o‘quv programmalari ancha yengil va qiziqarliroq tuziladi. Chunki yozda asosiy e’tibor dam olishga qaratilgani holda yengil ta’lim beriladi. Bu esa o‘quvchining oson qabul qilishi, darsdan uzilmay, bosimsiz ta’lim olishiga yordam beradi. Yana bir qiziqarli tomoni – o‘quvchi sinfxonada, partada tekis o‘tirib emas, o‘zi xohlaganidek qulay joylashib tabiat qo‘ynida yoki divanda yotganicha biror tarixiy, ilmiy film ko‘rishi, kitob o‘qishi mumkin. 

  1. Faqat yaxshi ko‘rgan fani bilan shug‘ullanish uchun – yoz eng qulay vaqt

Umumiy o‘rta ta’limda o‘quvchi hamma fanni o‘qishi kerak. Yozda esa bu talab qilinmaydi. Adabiyot jonu dili bo‘lgan bola uchun badiiy asarlar o‘qish uchun yoz zo‘r imkoniyat. Misol-masalalar yechishdan hech zerikmaydigan o‘quvchi esa xohlagancha bu ish bilan shug‘ullansin. Ertaga she’r yodlashim kerak, degan bosim yo‘q. 

  1. Tengdoshlarga yetib olish yoki o‘tib ketish uchun ham ta’til zo‘r imkoniyat

«Hamma fanlardan yaxshi o‘qiydi, ammo…» Har qanday o‘quvchining bir yoki ikkita oqsaydigan fani bo‘ladi: kimdir chet tilidan, yana kimdir biror aniq fandan orqada. O‘quvchi yaxshi o‘zlashtira olmagani uchun ham aynan shu fanni yoqtirmasligi mumkin. Ta’til bu bo‘shliqni to‘ldirib olish uchun imkoniyat beradi. Oz-ozdan, sekin-sekin va yangi o‘quv yilida yaxshi natija bilan!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring