«Yondashuv va sifatni qayta ko‘rib chiqish kerak!..» – Ziyo Forum fondi direktori bilan suhbat
Xabar.uz mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar bilan intervyularni davom ettiradi.
Navbatdagi suhbatdoshimiz Bobur Farmonov 1994-yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Rossiya Fyederatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya milliy iqtisodiyoti va davlat xizmati akademiyasining bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan.
2019-yildan buyon Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish Ziyo Forum fondi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatib keladi.
O‘zimni yangi sharoitlarda sinab ko‘rishga qiziqdim
Rossiyaga ketishdan oldin men O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtiga, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirgan edim. Rossiyadagi universitet esa grant asosida o‘qishni taklif qildi. Shu omil va o‘zimni yangi sharoitlarda, xususan, hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagan yo‘nalishda sinab ko‘rishga qiziqdim.
Shunday qilib, men 6 yil vaqtni Sibirda o‘tkazdim, shu vaqt davomida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya milliy iqtisodiyoti va davlat xizmati akademiyasining «Davlat va shahar boshqaruvi» fakultetida tahsil oldim.
Umuman, bakalavriat va magistraturani ana shu oliygohda tugatdim. Ayni kunlarda PhD darajasini ham aynan u erda olish haqida o‘ylayapman. Ehtimol, bu yil doktorontura uchun hujjatlarimni topshiraman.
Muammolar ham, maqsadlar ham bir xil
Rossiyada yoshlarning fikrlash doirasida chegaralar yo‘q, ular yangi imkoniyatlar uchun mutlaqo ochiq. Rivojlanish, yangi amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish, tanishlar doirasini kengaytirish uchun ko‘ngilli asosda ham loyihalarda ishtirok etishga tayyor. Rus yoshlariga pul ustuvor emas.
Yana bir e’tiborimni tortgan jihat, u yerda yoshlar ko‘proq imkoniyatga ega, universitetlardan ko‘plab takliflar kelib tushadi. Masalan, chet elda o‘qish uchun vizasiz ketishga mamlakatlar soni ham ko‘payib bormoqda.
Lekin muammolar ham, maqsadlar ham bir xil – universitetni tezroq tamomlab, maoshi yaxshi ishga joylashish yoki biznes ochish.
Madaniy ko‘ngilochar va dam olish nuqtai nazaridan, rus yoshlari yanada rivojlangan. Misol uchun, biz kursdoshlar va do‘stlarim bilan galereya ochganmiz, Novosibirskda turli xil san’at tadbirlarini o‘tkazganmiz, men shaxsan faol talaba bo‘lib, Rossiyaning ko‘plab shaharlarini kezib yurganman. Bizda bunday imkoniyatlar deyarli yo‘q. Agar Toshkent haqida gapiradigan bo‘lsak, yoshlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda, yoki forumlar saroyi atrofida dam olishadi. Hududlarda bu vaziyat bundan ham yomon.
Vazifalar juda oddiy, ammo juda chuqur va «uzoq muddatli»
Ziyo Forum fondimiz 2019-yil tashkil etilgan. Vazifalar juda oddiy, ammo juda chuqur va «uzoq muddatli». Biz oliy ta’lim va fan tizimida sifat jihatidan ba’zi narsalarni o‘zgartirmoqchimiz.
Universitetlarda, birinchi navbatda, talabalarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur. Oliy ta’lim muassasalaridagi hayot darslarga qo‘ng‘iroq bilan yakunlanmasligi kerak, bu muammo bo‘lib, natijasi boshlang‘ich intervyu qanday o‘tishini bilmaydigan kadrlar kelib chiqishi. Oliy ta’lim o‘quv yurtlari rahbariyati talabalarni universitetning ijtimoiy hayotiga faol qatnashishiga rag‘batlantirishi lozim. Biz ikki yil davomida shuning ustida, qiyinchiliklarga duch kelsak ham, ishlayapmiz. Bir universitetda men shaxsan saylovlarni o‘tkazishga yordam berdim, qiz talaba g‘olib bo‘ldi. Talabalar kengashi tashkil etildi. Bu Toshkent davlat transport universitetida sodir bo‘ldi.
Biz barcha universitetlarda ham xuddi shunday o‘zgarishlarni kiritishni istaymiz, umid qilamanki, kamida ikki yil ichida poytaxt o‘quv yurtlarida bu ishni tugatamiz. Universitetlar yangilik kiritishni yoqtirmaydi. Bu kulgili, lekin talabalar, birinchi navbatda, o‘zgarishlarga tayyor emas.
Agar ilm-fan haqida gapiradigan bo‘lsak, biz «olim» kasbini yoshartirishni istaymiz. Kimga murojaat qilmang, ilm-fan arboblari haqida gapirganda, 70 yoshdan oshgan akademiklar haqida gap ketadi. Endi ayting, agar bu soha faqat professional yo‘lini tugatayotgan insonlar bilan bog‘liq bo‘lsa, yoshlardan qaysi biri ilm-fanga qiziqishi mumkin?
Biz yosh tadqiqotchilar haqida gapirishni istaymiz, yaqinda 60 ta yosh olimlar hikoyalarini to‘plagan almanaxni taqdim etdik. Ziyolilar – umuman tadqiqotchilarning ismlarini eslatib o‘tgan birinchi nashr va ularning deyarli barchasi yangi ismlar. Men ularni qahramon qilishni xohlayman.
Bahorda biz ish beruvchilar uchun yangi loyiha ishga tushirdik, talabalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyalar bilan bog‘lashni istaymiz.
Barcha Ziyo Forum loyihalari talabalar uchun va ana shu ishlarni talabalar bilan birgalikda qilishga harakat qilamiz. Aynan shu jihati bilan bu fond boshqa o‘xshash NNTlardan farq qiladi. Bizning e’tiborimizda yoshlar qiziqishlari, agar bu ijtimoiy tarmoqlar bo‘lsa – qanday qilib bu mashg‘ulotni foydali o‘tkazishni o‘ylaymiz, agar bu ilm-fan bo‘lsa – amalga oshirish mumkin bo‘lgan tadqiqotlarga sarmoya kiritamiz.
O‘tgan va bu yil ham O‘zbekistondan Rossiya oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlar uchun turli dasturlar va stipendiyalar taqdim etish bilan faol shug‘ullandik. Bizga grantlar berildi, tanlov o‘tkazdik, natijada 30 dan ortiq yoshlarni o‘qishga jo‘natdik. Bu bepul. Biz uchinchi shaxslarning ishtirokisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetlar bilan hamkorlik dasturlarini ishlab chiqamiz.
Yondashuv va sifatni qayta ko‘rib chiqish kerak
Sizningcha, ta’limga bo‘lgan qiziqish kamayib boryapti, lekin har yili yuz minglab yoshlar universitetlarga kirolmayapti, chunki oliy ta’lim infratuzilmasi ularni qabul qila olmaydi. O‘zbekistonlik minglab talabalar o‘z pullari va chet el grantlarida tahsil olmoqda. Mamlakatimizda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan talab va qiziqish yildan-yilga oshib bormoqda, afsuski, tizim eskirib, talabga javob bermayapti. Universitetlarda mavjud metodologiya talabaning qiziqishini saqlab qolmasligi esa – bu butunlay boshqa muammo va ijtimoiy tarmoqlarning bu savolga hech qanday aloqasi yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarni bilim va ta’limga qarshi ko‘rsatish kompyuterni kitobga qarshi ko‘rsatish bilan tengdir. Ijtimoiy tarmoqlar yoshlarni buzuqlikka olib keladigan narsa emas, bu muloqot qilish, o‘z-o‘zini namoyon qilish, qobiliyatini rivojlantirish, ijodkorlikni ko‘rsatish, o‘ziga o‘xshash insonlarni topish usuli, deb bilaman.
Ijtimoiy tarmoqlar ham bilim, ta’lim, ko‘nikmalarni olish vositasi. Ularning rivojlanishini to‘xtatishga harakat qilish, yomg‘irni to‘xtatishga o‘xshaydi. U baribir sodir bo‘ladi. Lekin kimdir undan qochishga harakat qiladi, kimdir esa tuproqni tayyorlab bog‘ o‘stiradi.
Savolga qaytib: yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar manfaati uchun buni amalga oshirish kerak, lekin bu «yordam» rivojlanishga to‘sqinlik qilmasligi zarur. Yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishini «qaytarish» uchun ta’lim kontentining yondashuvi va sifatini qayta ko‘rib chiqish, ushbu maqsadlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni o‘rganish kerak.
Mutolaa xotira va fikrlashni yaxshilaydi
Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan kitob mutolaasiga harakat qilaman. Mutolaa xotira va fikrlashni yaxshilaydi. Men o‘qigan oxirgi asar Makiavellining «Hukmdor» nomli kitobi bo‘ldi. Barcha rahbarlar uchun juda foydali. Rus tilidagi tarjimada o‘qish qiyin, lekin asarning biroz eskirgan yozilish uslubiga ahamiyat bermasa, boshqarishni o‘rganayotganlar uchun eng foydali kitob bo‘lishi mumkin.
Eng sevimli kitobim esa Deniyel Kizning «Eljernonga atalgan gullar»i.
San’at va san’at ob’yektlari bilan bog‘liq
Mening rejalarim talabalar jamiyatini rivojlantirish atrofida aylanadi, bu bir-ikki yil davomida bajariladigan vazifalar.
Global rejalardan, yuqori lavozimlar uchun oltin kadrlar zaxirasini yaratishga harakat qilish. Bularning barchasi mahalliy universitetlar asosida.
Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish, umuman aytganda, PhD darajasiga ega bo‘lishni rejalashtirmoqdaman. Shaxsiy rejalarga kelsak, san’at va san’at ob’yektlari bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlarni yaxshi ko‘raman, bu yo‘nalishda tijorat loyihalarini amalga oshirishni istayman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter