Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi o‘quv yilini qanday boshlash masalasini Maxsus komissiya qarori hal qiladi

Yangi o‘quv yilini qanday boshlash masalasini Maxsus komissiya qarori hal qiladi

Foto:«Xabar.uz»

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda yangi o‘quv yili va soha bo‘yicha boshqa ayrim savollarga javob berildi. 

Yangi o‘quv yilida ta’lim qanday shaklda davom etadi?

Xalq ta’limi vazirligi o‘z vakolatidan kelib chiqib o‘quv yilini boshlash bo‘yicha uchta ssenariy taklif qilmoqda:

- Pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini boshlaydi. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, bolalardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini ko‘rsatmoqda.
- Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda bolalarda virus kechishi bo‘yicha xulosasi ijobiy bo‘lmagan taqdirda ta’lim onlayn tartibda davom ettiriladi.
- Gibrid ssenariy bo‘lib, maktablar ochiladi. Faoliyat ma’lum bir hudud va maktabdagi karantin holatidan kelib chiqib olib boriladi. Bunda, dastlabki bosqichda farzandi salomatligidan havotir olgan ota-onalarga bolani uyda onlayn o‘qitishga imkon berilishi ko‘zda tutilgan, ya’ni bolaning maktabga davomati erkin bo‘ladi.

Yakuniy xulosani esa Respublika maxsus komissiyasi hal qiladi.

Oktyabrdan yana o‘qituvchilarga ustamalar berilishi boshlanadimi?

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayrim toifadagi xodimlarga direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar 1 oktyabrga qadar to‘xtatilgan, mazkur to‘lovlar ushbu muddat tugagandan so‘ng davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.

Direktor meni ishga chaqiryapti, karantin davrida o‘qituvchining ishga chaqirilishi qanchalik to‘g‘ri?

Bugun barcha maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, xususan 1-sinfga qabul jarayoni ham davom etmoqda. Maktablar ham karantinga yopilmagan. Shu bois agar ish beruvchingiz, ya’ni maktab rahbariyati bilan masofadan ishlash bo‘yicha kelishuvga kela olsangiz ishingizni masofadan tashkil qilishingiz mumkin. Agar faoliyatingiz maktabga borib ishlashni talab qilsa, karantin qoidalariga rioya qilgan holda faoliyatingizni davom ettirishingiz mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring