Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yana bir yangi olimpiada o‘tkaziladi

O‘zbekistonda yana bir yangi olimpiada o‘tkaziladi

Foto:«Norma.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyevning  «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori ijrosi doirasida olimpiada tashkil etilmoqda.

Mazkur olimpiada Xalq ta’limi vazirligi va  «Qorako‘l Ziyo» o‘quv markazi hamkorligida o‘tkaziladi.

Ilk olimpiada joriy yilning 15 sentyabr kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 34-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimiz umumta’lim maktablarining 5-11-sinf, akademik litseylarning 1-2-bosqich va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Ishtirokchilar 3 soat ichida 6 ta masala yechishi kerak bo‘ladi. Olimpiada uchun topshiriqlar (yozma ishlar) davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga mos ravishda Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti va «Qorako‘l Ziyo» o‘quv markazi tomonidan hamkorlikda tuziladi.

G‘olib o‘quvchilar  «Qorako‘l Ziyo» o‘quv markazi tomonidan televizor, planshet va smartfon kabi mukofotlar bilan rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar orasidan  «o‘ziga xos yechim», «eng yaxshi g‘oya» va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Mazkur olimpiadaga To‘xtamurod Murtozayevich Jumayev nomi berilishi bejiz emas. To‘xtamurod Jumayev ko‘p yillar davomida matematika o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. 1990-2015 yillarda Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati direktori vazifasida ishlagan.

To‘xtamurod Jumayev tashkil qilgan Qorako‘l maktabida o‘ziga xos ta’lim olish tizimi joriy qilingan. Natijada maktab o‘quvchilarining 90 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan.

Bundan tashqari, ushbu maktab o‘quvchilari matematika fanidan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, ko‘plab medallarni qo‘lga kiritgan. Hozirgi kunga qadar matematika olimpiadasida qo‘lga kiritilgan medallar soni 36 tani tashkil etadi. Shulardan 23 tasi Jumayev maktabi o‘quvchilariga taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring