Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xo‘rlanish hikoyasi: «O‘qituvchining qadri kerosindan arzon»

Xo‘rlanish hikoyasi: «O‘qituvchining qadri kerosindan arzon»

Foto: «Sof.uz»

Hukmingizga havola qilinayotgan ushbu maqola mamlakatimizning chekka bir qishlog‘ida bolalarga ta’lim berayotgan bir o‘qituvchining ommaga e’lon qilayotgan ilk maqolasidir. Haqiqat – Haqning yo‘li. Bandasidan, nafsim manfaatiga ziyon yetishidan qo‘rqib bu yo‘lda turmaslikka Yaratgan Egamdan uyaldim, qo‘rqdim va qo‘limga qalam oldim.

Hech shubha yo‘qki, davlatning, jamiyatning, dunyoning rivojida hech bir sohaning o‘rni ta’lim sohasining o‘rniga teng kela olmaydi. Ta’lim va tarbiya bo‘lmaganda inson johil va yirtqich jonivorlarning bir turi bo‘lib qolmasmidi? Ta’limga munosabat — taqdirimizga, kelajagimizga munosabat ekanini teran anglagan davlatimiz rahbari ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, mamlakatimizni qudratli, xalqimizni farovon qilish, qolaversa, xalqning hukumatga ishonchiga erishish yo‘lida kuyib-pishib, zahmat chekib kurashayotgan bir paytda oyni etak bilan yopishga urinayotgan ba’zi mutasaddilarning ishiga qanday baho berish mumkin? Samarqandlik yosh muallima hayotining zavol topishi bilan bog‘liq voqealar, unga mas’ul shaxslarning munosabati ko‘plar qatori mening ham dardlarimni yangilab yubordi.

O‘qituvchilardan biri sifatida boshdan kechirganlarimdan bir-ikkita voqeani hikoya qilib beray. Universitetni bitirib, o‘zim o‘qigan maktabga ishga kirganimning birinchi yili edi. Tumanimizda qishloq xo‘jaligi sohasida seminar o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan kimningdir «kashfiyoti»ga ko‘ra biz o‘qituvchilar yoppasiga top-toza ko‘chalarga mahallalardagi uylardan go‘ng olib chiqib uyumlash ishiga safarbar qilindik. Boshimni olishsa ham bunday ish qilmayman deb o‘ylardim. Lekin menga ilk harflarni o‘rgatgan, otamdek bo‘lib qolgan yoshi ulug‘ ustozlarimning go‘ng o‘rasi ichiga tushib, balchiq bo‘lib yotgan go‘ngni ketmon, belkurak bilan olayotganlarini ko‘rib... keta olmadim.

Yana bir yili yozgi mehnat ta’tilini tuman hokimining buyrug‘i bilan paxta dalasida o‘tkazdik. Har kuni bitta paxta maydonida egatlar oralab qayta-qayta yurishimizni talab qilishardi. Buning sababini so‘rasak, g‘o‘zalarga teginib, qimirlatib turilsa issiq ko‘proq ta’sir qilib, ko‘sak tezroq ochilishini aytishardi. Bu ishni traktorda bajarilganda bir gektar dala uchun sarflanadigan 12 litr yoqilg‘ini iqtisod qilish uchun bizni ishlatayotganliklarini aytib tirjayishar edi...

Bu — xo‘rlik edi. Bunday xo‘rlikka chidash uchun faqatgina chorasiz bo‘lish kerak. Chidamaganlar boshqa yo‘l qidirib ketdi. Natijada maktablar qay ahvolga tushib qolgani hammaga ayon. Yana bir o‘qituvchi tanishim shunday hikoya qilgan edi: «Ish boshlagan ilk kunlarimdayoq paxtaga haydashdi. Paxta terib borar ekanman, shunday bo‘lish uchun qiynalib o‘qigan edimmi, degan o‘y bilan miyam qiziyverdi. Egatimni terib tugatdim-u, tergan paxtamni etak-petagi bilan uloqtirib, rahbarimning «hoy-hoy»lashiga qaramay ketdim».

U hozir chet elda, ishlari yaxshi. Bu misollar orqali mamlakatimizning rivojlanishi uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ta’lim sohasining nima uchun oqsayotgani-yu, malakali kadrlarning ba’zilari nima uchun chetga chiqib ketayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘lganimni o‘quvchi albatta tushundi deb umid qilaman. Muallima ayol Diananing o‘limi muhokama qilinishini pashshadan fil yasashga mengzab bo‘lmaydi. Bir yosh umrning, u bilan birga uning orzu-umidlarining zavol topgani, jajji go‘dakning onasini zorlanib sog‘inishlari haqida o‘ylashning o‘zi og‘ir. Kamiga mas’ullar voqeani xaspo‘shlasa... Men buni fildek haqiqatdan pashshadek yolg‘on yasashga urinishga mengzagan bo‘lar edim. Bir o‘qituvchi o‘limi bilan ramzlanib turgan ta’limga, ya’niki xalq va yurt taqdiriga befarqlikning sarqitlari hamon qolayotgani achinarlidir. Bunday holatlar prezidentimizning tashabbuslari va ulkan miqyosdagi fidokorona sa’y-harakatlari mevasi o‘laroq odamlarning ko‘nglida endigina paydo bo‘lgan yaxshi kunlar kelishiga bo‘lgan ishonchga darz solishini, endigina uyg‘ongan, uyg‘onayotgan umidlarga ko‘lanka solishini hech istamas edim. Axir xalq qarab turipti, dunyo qarab turipti, Yaratgan qarab turipti.

Alisher Sotivoldiyev, Namangan viloyati

«Kun.uz» saytidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring