Xalq ta’limi vazirligi Chustda o‘qituvchilarni majburan ishlatganlarga chora ko‘radi
Xalq ta’limi vazirligi Namangan viloyati, Chust shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda, deya yozmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib o‘tilgan holatlarni o‘rganib chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘rishini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-sonli qarorining 16-bandiga ko‘ra xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat’iyan ta’qiqlangan.
Mazkur bandga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortishni ta’minlash topshirilgan.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq ta’limi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay bo‘lgan virtual inspektorni ishga tushirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter