Aks-sado: «Ustoz – otangdek ulug‘mi... o‘zi?»
«Izza bo‘lgan, xor bo‘lgan ustoz...» maqolasini o‘qib, shu savolni o‘zimga berib ko‘rdim...
Yaqinda 8-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning maktabiga ota-onalar majlisiga bordim. Bu safar majlis o‘zgacharoq o‘tdi — ota-onalar, ularning farzandlari, o‘qituvchilar bir sinfga yig‘ildik. O‘qituvchilar birma-bir so‘z olib, o‘z fanlari bo‘yicha yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilarni maqtashdi, o‘zlashtirolmayotganlarini nomma-nom sanashdi. Shunda bir o‘qituvchi sinfdagi uchta qiz bolaning ismlarini aytib, shu qizlar doim darsimga xalal berishadi, hech tinchlantira olmayman, dedi. U gapini tugatar-tugatmas o‘sha qizlardan birining onasi dast o‘rnidan turib o‘qituvchiga baqira ketdi. O‘quvchilar oldida ozgina daxanaki jang bo‘ldi. Direktor o‘quvchilarni chiqarib yuborishni ma’qul ko‘rdi.
Farzandlarimiz majlisdan chiqib ketganidan so‘ng o‘sha onaning aytganlaridan to‘g‘risi shokka tushib qoldim. «Men, — dedi ayol o‘zgacha g‘urur va tap tortmaslik bilan, — qizimga shunday tarbiya beraman. Senga kimdir e’tiroz bildirsa, yuzing-ko‘zing dema, gap qaytar, kerak bo‘lsa shallaqilik qilib ovozini o‘sha zahoti o‘chirib qo‘y! Nima, to‘g‘rida, hozirgi zamonda sal bo‘sh kelsang boshingga chiqib olishadi. Bolaga, ayniqsa, qiz bolaga o‘z haq-huquqlarini o‘rgatish kerak. Bo‘lmasa, lallayib og‘zidagi oshni oldirib qo‘yadi bu hayotda...»
Majlis o‘tganiga ancha kun bo‘lsa-da hamon o‘ylanaman. Nahotki, ayrim «tarbiyachi» ota-onalar bolaga huquq va burchlarini o‘rgatishni tarbiyasizlik, betgachoparlik qilish bilan bir tushuncha deb o‘ylashsa? Shundog‘am hurmati tushib ketgan o‘qituvchilar obro‘siga putur yetkazibgina qolmasdan bola tarbiyasida noto‘g‘ri unsurlarni omma oldida targ‘ib qilgan o‘sha ayolning oila muhiti qanday bo‘lsa? Umr yo‘ldoshiga bo‘lgan munosabati-chi? Qo‘ni-qo‘shnilarga-chi? U qiz ertaga kim bo‘lib ulg‘ayadi? Qanday kelin bo‘larkin?..
Biz ham o‘quvchi bo‘lganmiz. Bizning maktabimizda ham, sinfimizda ham to‘polonchi, sho‘x va tarbiyasiz sinfdoshlarimiz bo‘lgan. Bu tabiiy jarayon ham – besh qo‘l baravar emasku. Tuman markazidan kelgan rus millatiga mansub yoshgina ayol o‘qituvchi aynan o‘sha tarbiyasiz o‘quvchilar qiliqlaridan bezib ketib qolgani hamon yodimda. Oqibatda nima bo‘ldi? Rus tilini o‘rganmoqqa chin dildan kirishgan o‘quvchilar malakali o‘qituvchisiz qolishdi. Natija esa o‘zingizga ma’lum.
Maktabni ta’lim va tarbiya maskani sifatida tilga olib o‘rganganmiz. Shu bilan ota-onalik majburiyatlarimizni o‘zimizdan soqit qilamiz go‘yo. Kechirasizlaru bola tarbiyani avvalo o‘z uyida olishi kerak. Maktab esa ta’limga urg‘u berishi kerak. Chunki farzandlarimizning kelajakda qanday inson bo‘lib kamol topishi avvalo o‘zimiz uchun muhim. Maktab boring ana o‘n yil amallab o‘qitib berar. Keyinchi?! Ayni shu savolni har bir ota-ona doim o‘ziga berib turishi darkor.
Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter