Toshkentda AQShning Vebster universiteti ochildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi qarori bilan Toshkent shahrida Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi tashkil etildi.
Markaz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vebster universiteti tomonidan ta’sis etiladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vebster universitetining Toshkent markazida 2019-2020 o‘quv yilidan o‘quv jarayonlari boshlanadi va bu yerda bakalavriatning asosiy 14 ta ta’lim yo‘nalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlanadi.
Markazda o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida, to‘lov-kontrakt asosida, ingliz tilida, jumladan elektron ta’lim va masofaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda Vebster universiteti tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar asosida amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Vebster universitetining diplomi beriladi.
Abituriyentlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda Vebster universiteti tomonidan belgilangan talab, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldinroq, AQShning Vebster universiteti filialini tashkil etish va 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab mazkur ta’lim muassasasi abituriyentlarni qabul qilinishni yo‘lga qo‘yish masalalar muhokama qilinganini xabar bergandik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter