Tohir Malik: «Shafqatsiz ota-onalardan nafratlanaman»
– Biz maktabda o‘qiganimizda o‘qituvchilarimizdan qo‘rqar edik. Aynan qo‘rqqanimiz uchun ham darsga borardik, uyga berilgan vazifalar albatta ado etilgan bo‘lardi. Aks holda ustozlarimiz qulog‘imizdan cho‘zar, chakkamizga tarsaki tushirar, kaltaklardi. O‘zbekning maqoli bejiz emas. O‘g‘lini o‘qitish yoxud biror hunar o‘rganishi uchun ustozga bergan ota «Eti sizniki, suyagi bizniki» degan. Bugun esa boshqacha. Farzandini koyigan muallim bilan ota-onalar dod-voy solib janjallashadi, hatto sudga berganlar ham bor. Tartib-qoida, qonunni pesh qiladi. Bunday munosabatga siz nima deysiz?
– Bu savolingiz nihoyatda jiddiy bo‘lgani sababli, sizni xayolan o‘tmish safariga taklif etay, – deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik. – Ustoz Abdulla Qodiriy aytganlaridek, «moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar». Biz keyingi paytda yangi maktablarimiz, yangicha o‘qitish uslublarini maqtash bilan ovora bo‘lib, eskilarini butunlay unutib qo‘ydik. Holbuki, o‘tmishdagi maktab bizga ikki tomonlama ibrat bo‘lishi kerak. O‘tmish maktabini biz ko‘rmaganmiz, ammo eshitganmiz. Tog‘am Mirzakalon Ismoiliyning «Farg‘ona tong otguncha» kitoblarida yosh bola qanday kaltaklangani bayon etilgan.
Bunday manzarani Sadriddin Ayniyning «Eski maktab» kitobida, so‘ngroq Kibriyo Qahhorovaning xotiralarida ham o‘qigan edik. Adashmasam, aybdor bolaning oyoqlarini savalab, yorilgan tovoniga tuz bosishar edi va buni odatiy hol, tarbiya o‘rnida qabul qilishgan. Holbuki, bu tarbiya emas, vahshiylikning bir ko‘rinishi bo‘lgan. Shuning uchun ham jadidlar maktabning bu usuliga jiddiy qarshilik ko‘rsatganlar. «Farg‘ona tong otguncha»dagi Dilshod maktabdan bezib, mehribonlik bilan ta’lim beruvchi rus ayoliga boradi. Hayotda ham shunday bo‘lgan. Rus-tuzem maktablari ochilgach, ota-onalar shu yangicha ta’limni afzal bilishgan.
To‘g‘ri, o‘tmishdagi ulug‘ allomalar shu kabi biz «eski» deb ataydiganimiz maktablarda bilim olganlar. Johil maktabdorlar bilan bir qatorda bilimli, mehribon ustozlar ham bo‘lishgan.
Bugungi maktablarga nazar tashlasak, mehribon ustozlarni ham ko‘ramiz, shafqatsizlarini ham uchratamiz. Bolalarni kaltaklash xususida bahs ochilsa, kaltak tarafdorlarini uchratishimiz tabiiy. Faqat muallimlar emas, hatto ota-onalar orasida ham «bolani urib turish kerak», deb hisoblovchi ayovsizlarni ko‘ramiz. Muallim birovning bolasini uradi. Ota yoki ona esa o‘z farzandini uradi, ba’zan ayovsiz ravishda, nogiron qilib qo‘yish darajasida urganlarni ko‘rib yoki eshitganimda yuragim ezilib ketadi. O‘z farzandini uruvchi ota yoki onaning yuragi toshdan bo‘lsa kerak. Alloh bolalarga namozni 10-12 yoshdan farz qilgan. Bu yoshgacha bolalarga gunoh yozilmaydi. Agar belgilangan yoshda namoz o‘qimasa urish tavsiya etilgan. Lekin bizdagi kabi ayovsiz tarzda emas, balki to‘nning etagi bilan po‘pisa o‘rnida urib qo‘yish nazarda tutiladi. Farzandlarini go‘daklik chog‘idanoq urib tashlaydigan ota-onalarga ulug‘ olim Pifagorning bir gapini eslataman: «Qabringiz ustida yig‘lay olishlari uchun farzandlaringizning ko‘z yoshini to‘kmang».
Bizning maktablarda bolalarni urish qat’iy taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, jazoning turli usullaridan foydalanish hollari uchraydi. Ayrim mamlakatlarda bolalarni urishga qonun yo‘li bilan ijozat etiladi. AQShning ba’zi shtatlarida kaltaklash taqiqlangan, ba’zilarida esa ruxsat berilgan. Shuning o‘ziyoq odamzod bu masalani yechishga hamon ojiz ekanidan dalolat beradi.
Mening bu boradagi shaxsiy fikrimga kelsak, kim bo‘lsa bo‘lsin: muallimmi yo ota va onami, bolani urishiga mutlaqo qarshiman, hatto ba’zi o‘rinlarda shafqatsiz ota va onalardan nafratlanaman. Ota-onasidan qo‘rqib yashaydigan bolalarga achinaman, ularning qo‘rquvdan mo‘ltillab turgan ko‘zlarini ko‘rsam yig‘lagim keladi. «Men or-nomusga va erkinlikka hurmat ruhida o‘stirilayotgan yosh qalbni tarbiyalashdagi har qanday zo‘rlikni qoralayman. Qattiqqo‘llik va majburiylikda qandaydir qullik belgilari bor, men aql, ehtiyotkorlik va mahorat bilan qilish mumkin bo‘lmagan narsaga kuch bilan aslo erishib bo‘lmaydi, deb hisoblayman». Kamina XVI asrda yashagan fransuz adibi Mishel Montenning bu hikmatli gaplariga hamfikrman.
Oilada ota va onaning zo‘ravonligi hukm sursa bola hamisha qo‘rquvda yashaydi va bu qo‘rquv unda turli illatlarni tarbiyalaydi. Ota-onaning kaltaklashidan qutulib qolish uchun yolg‘on to‘qiydi, chaqimchilik qiladi, hatto fitnadan ham qaytmaydi. Bir ona chaqalog‘ini 12 yoshli qiziga tutqazib, «ehtiyot bo‘l, qo‘lingdan tushib ketmasin, yiqitsang, xuddi o‘ldiraman», deb ogohlantiradi. «O‘ldiraman», degan quriq po‘pisani qizcha rosmana hukm o‘rnida qabul qiladi. Bolani yiqitib yuborganda, onasi oshxonada piyoz to‘g‘rayotgan bo‘ladi. Go‘dakning yig‘isini eshitgan ona hovliga qo‘lidagi pichoq bilan yugurib chiqadi. Pichoqni ko‘rgan qizcha «endi o‘ldiradilar!» degan qo‘rquvda tildan qoladi. Uning shifo topmaganiga o‘zim guvohman!
Yaqinda ikkinchi sinf o‘quvchisi o‘zini osib qo‘yibdi. Bunaqa holat o‘smirlar orasida uchrab turardi. Ammo 9 yoshli bolaning fojiasiga endi guvoh bo‘lishim. O‘smirlar biron narsadan qattiq g‘azablanib yoki biron narsaga qarshilik bildirib jonlariga qasd qiladilar. 9 yoshli bolakay esa ota-onasidan qo‘rqqanidan o‘zini osgan. Darsda «ikki» baho olib yig‘lab yuborganida nodon muallimasi «Shunga ham yig‘laysanmi, undan ko‘ra o‘zingni osib qo‘ya qolmaysanmi!» – degan. Bu piching bolaga najot yo‘li bo‘lib ko‘ringan. Chunki ota-onasi undan faqat «besh» baho olishni talab qilishgan. «To‘rt» baho uchun ham bola jazolangan: burchakka tik turg‘azib qo‘yilgan yo shirinlik, yo boshqa narsadan mahrum qilingan. Bu shunchaki jazo emas, tahqirlash ekanini ko‘p ota-onalar tushunishmaydi.
O‘z bolasini bu tarzda xorlagandan ko‘ra, kamarda ikki marta savalasa, bolaning ko‘ngli bunchalik og‘rimaydi. «Ikki» baho olish bola uchun katta fojia bo‘lib tuyulgan. Jinoyat ishida o‘limga ruhan majbur qilish sabablari o‘rganiladi. Tergovchi, shubhasiz, muallimani ayblaydi. Uydagi sharoitga esa ahamiyat bermaydi. Holbuki bu fojiada muallimaga nisbatan ota-onaning aybi ko‘proq.
Hamonki so‘z muallimaning nodonligi haqida ochildi, tarbiyachilar mas’uliyatini ham eslatib o‘taylik. «Tarbiyachi» – shunchaki bir kasb emas, balki ham sharaf, ham mas’uliyatdir. Biz Allohga «Rabbim», deb iltijo qilamiz. «Rabbim» – «tarbiyachim» demakdir. Alloh faqatgina yaratuvchi – Xoliqgina emas, bandalarining tarbiyachisi hamdir. Yerdagi tarbiyachilar Allohning bu boradagi xolis xizmatchilari bo‘lganlari bois ham ularning kasbi sharaflidir. Tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga muayyan bilim berish bilangina emas, balki odobi, turmush tarzi, har kungi voqealarga munosabati bilan ham ta’sir ko‘rsatish vazifasi va mas’uliyatini ham zimmasiga olgan bo‘lishi kerak. Murabbiy o‘zining asosiy vazifasi o‘z tarbiyalanuvchilarini aqliy mehnatga o‘rgatishdan iboratligi va bu vazifa dars o‘qitishdan ham ko‘ra muhimroq ekanligini unutmasligi lozim.
Yaxshi muallim bo‘lish uchun nimani o‘qitsang – o‘shanga, kimni o‘qitsang – o‘shalarga mehr qo‘ymoq zarur. So‘z degani tarbiyachi-muallimlarga o‘z fikrlarining bayoni uchun emas, balki boshqalar tafakkurini uyg‘otish uchun berilgan. Qayerdaki bo‘lmasin, so‘z odamlar o‘rtasidagi vositachilik xizmatini o‘tar ekan, ayniqsa ta’lim sohasida ortiqcha gapirish ham, gapni to‘mtoq tugatish ham nomaqbuldir.
Mavzuni yakunlashdan oldin o‘tmish donishmandlarining fikrlariga asoslangan holda yana bolani urish masalasiga qaytmoqchiman.
«Bolani so‘ksang – beti qotar, ursang – eti» – degan maqolga e’tirozim yo‘q. Ba’zi odamlarning aybini aytib, tanbeh bersangiz, ko‘zini lo‘q qilib, bez bo‘lib turaveradi. Nazarimda bu toifa odamlar bolaligida ko‘p so‘kish eshitaverganidan beti qotib ketgan bo‘lsa kerak. «Tayoq ayiqni ham mulla qilar» – bu maqolni bola tarbiyasiga qo‘llab bo‘lmaydi. Agar tayoq yaxshi tarbiya vositasi bo‘lganida edi, uning ijobiy samarasini eng ko‘p tayoq yeydigan eshakda ko‘rgan bo‘lardik. Bu borada Suqrot hakimning «So‘z ta’sir qilmagan odamga kaltak ham o‘tmaydi», degan hikmatlari g‘oyat o‘rinlidir. Abulqosim Zamahshariyning «Vijdon azobiyu ta’nadan to‘g‘ri bo‘lmagan kimsani ta’lim-tarbiya va qiynash bilan ham to‘g‘rilash amri mahol», degan hikmatlari necha asrlarni oralab bizga yetib kelibdimi, demak, hayot tajribasidan o‘tgan ayni haqiqatdir.
Bolani so‘kishsa, urishsa va turli yo‘llar bilan xafa qilishsa, u eng kichik yoshidanoq o‘zini yolg‘iz seza boshlaydi. Agar bola yomon ish qilganligi uchun jazolanib, yaxshi ish qilganligi uchun taqdirlansa, u yaxshi ishni faqat foydasi uchun qiladigan bo‘ladi. Kam tahqirlangan bola o‘z qadr-qimmatini yaxshi anglaydigan kishi bo‘lib yetishadi.
Xuddi bola fikri kabi bola hissiyoti ham zo‘rlik qilmasdan boshqarilmog‘i lozimligini unutmaslik kerak. Qo‘pol kuch ishlatganga qaraganda yaxshi gap bilan har doim ko‘proq natijaga erishilishini barcha biladi-yu, lekin bu haqiqatga amal qiluvchilar kam. Tarbiya bobida bolani so‘kib maqsadning uchdan biriga, sevish va siylash bilan hammasiga erishiladi. Yaxshi gap bilan erisha olmagan odam qattiqqo‘llik bilan ham erisha olmaydi. Majburlab o‘rgatish, siqiq, zo‘rlash tufayli erishilgan hamma narsa omonat, noto‘g‘ri va ishonchsizdir. Tarbiya sohasidagi bola uchun birinchi saboq, mayli, itoatkorlik bo‘la qolsin – shunda muallim yoki ota-ona nimani zarur deb topsa, o‘sha ikkinchi saboq bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter