Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani qayerdan olsam bo‘ladi?

Test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani qayerdan olsam bo‘ladi?

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda bir qator savollarga javob qaytarildi.

Davlat test markazining sayti orqali ro‘yxatdan o‘tganman. Tanlagan ta’lim yo‘nalishlarimni o‘zgartirsam bo‘ladimi?

— Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagun (20-iyul)ga qadar doimiy yashash manzilini, tugatgan ta’lim muassasasini, imtiyozlarini va tanlagan ta’lim yo‘nalishlarini o‘zgartirishi mumkin.

Fuqaroligi yo‘q shaxslar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qanday ro‘yxatdan o‘tadi?

— Fuqaroligi yo‘q shaxslar ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘ziga eng yaqin bo‘lgan istalgan davlat oliy ta’lim muassasasiga borib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Harbiy OTMga hujjat topshirgan abituriyentlar harbiy bo‘lmagan OTMlarga ham topshirishi mumkinmi?

Mumkin. Abituriyentlar oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishda test topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan harbiy bo‘lmagan OTMlarning 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin.

IELTS imtihoni javobi 20 iyuldan keyin chiqsa, imtiyozlarga IELTS sertifikatini qo‘shsa bo‘ladimi?

— Abituriyentlar o‘z ma’lumotlarini 20 iyulga qadar o‘zgartirishlari mumkin. Qabul yakunlangan (20 iyul)dan so‘ng ma’lumotlarga o‘zgartirish mumkin emas.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sirtqi ta’lim shakliga topshirganda imtiyozi saqlanib qoladimi?

— Saqlanib qoladi. Chunki nogironligi bo‘lgan shaxslarga kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha ham qo‘shimcha kvotalar ajratilgan.

Davlat test markazining sayti orqali ro‘yxatdan o‘tdim. Test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani qayerdan olsam bo‘ladi?

— Abituriyentlar test sinovida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi»ni ro‘yxatdan o‘tish to‘liq yakunlanganidan so‘ng, abitur.dtm.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan yuklab olishlari mumkin.

Ruxsatnomada abituriyentning test topshirish hududi, binosi va manzili, kuni, soati (smenasi), binoga kelish vaqti ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Menda harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun beriladigan tavsiyanoma mavjud. Lekin ro‘yxatdan o‘tishda sizda hech qanday imtiyoz mavjud emas deb chiqmoqda. Nima qilsam bo‘ladi?

«Nogironligi bo‘lgan shaxslar», «Ko‘zi ojizlar», «Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi» yoki «Chet tili sertifikati»ga ega abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda imtiyozlarini o‘zlari kiritadilar.

Agar abituriyentda boshqa turdagi imtiyozlar bo‘lsa, bu imtiyozlar tegishli vazirlik va idoralardan olingan ma’lumotlar asosida avtomatik to‘ldiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tganingizda sizning imtiyozingiz mavjud emas deb chiqayotgan bo‘lsa, sizga tavsiyanoma bergan vazirlik yoki idoraga murojaat qilishingiz kerak.

Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlarga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha kvota ajratilganmi?

— O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun ta’lim shakllari bo‘yicha OTMlar kesimida alohida 5 foizli qo‘shimcha kvotalar ajratilgan.

Bunda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha jami 5 179 ta, shundan davlat granti asosida 1 175 ta, to‘lov-kontrakt asosida 4 004 ta, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida mos ravishda 1 568 ta va 251 ta qo‘shimcha kvotalar ajratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring