Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TATUda o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi

TATUda o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi

Foto: «Tuit.uz»

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning filiallarida 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi.

Bundan o‘quv jarayoniga dunyo oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan o‘qitishning kredit tizimini joriy qilish orqali universitetning jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoriga kirishini ta’minlash ko‘zlangan.

O‘qitishning kredit tizimi afzalliklari:

  • Akademik mobillik — talabaning ta’lim jarayoni davrida chet el o‘quv yurtlarida yoki o‘zga ta’lim yurtida tahsil olib, so‘ngra o‘qishni davom ettira olishi;
  • Ta’lim sifatining yuqori darajadaligi – o‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislarni jalb etilishi;
  • Ta’lim jarayoni jadalligini ta’minlash maqsadida chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda, o‘quv dasturlari ishlab chiqilganligi;
  • Talabalar istagidan kelib chiqqan holda fan tanlash imkoniyatiga egaligi va hokazolar.

Eslatib o‘tamiz, o‘qitishning kredit tizimida talabaning ma’lum o‘quv kursini o‘zlashtirish darajasi turli mezonlar asosida belgilanadigan ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq bo‘ladi.

Yig‘iladigan umumiy kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi.

Universitetda o‘qitishning kredit tizimi tatbiq qilinishi hozirgi o‘zgaruvchan xalqaro mehnat bozorida raqobatlasha oladigan oliy toifali mutaxassislarni tayyorlash hamda umumjahon oliygohlar reytingida yuqori 1000 talikka kirishga imkon yaratadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring