Shavkat Mirziyoyev videoselektor o‘tkazmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’limga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari ta’lim sifatini yaxshilash va ta’limning barcha jarayonlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib, tashkil etish masalasida Oliy ta’lim vazirligi, rektorlar bosh qotirmayotganini tanqid qildi.
— Islohotlar qachon amalga oshadi? Agar har bir yo‘nalishda mutaxassislar bilimli bo‘lsa, natija biz kutgandek bo‘ladi. Biz oliygohlarni ko‘paytirdik. Ularning sifati qanday degan savol turibdi. Viloyat hokimlari o‘z hududingizdagi oliy ta’lim muassasasi hayoti bilan qiziqib ko‘rganmisiz? Yoshlarga qanday bilim berilyapti, yashash joyi qanday? Qaysi tarmoq bilan birlashtirish mumkin ta’lim muassasasini? Hech qaysi viloyat, shahar hokimini bu savol qiynamayapti.
Agar oliygohda bilimli rektor bo‘lsa, bu xalqimizning baxti. Bu balandparvoz gap emas. Rektorning dunyoqarashi viloyat, shahar hokiminikidan baland bo‘lishi kerak. Men rektorni eng katta islohotchi, fidoyi, deb bilaman. Agar u yoshlarni bilimli qilib tarbiyalay olsa, bizga boshqa hech narsa kerak emas. Lekin hamma rektorlar shundaymi? Sifat bilan shug‘ullanmagan, «talaba uchun men nima bera olaman» degan savolga javobi bo‘lmagan rektorning kelajagi yo‘q.
Oliy ta’lim muassasalari soni 117 tani tashkil qilyapti. Qabul o‘rni 66 mingdan 181 mingga, ya’ni 3 baravar ortgan. Ammo bu yerda sifat yo‘q. Professor-o‘qituvchilarning oyligi 3,5 baravarga oshirildi. O‘qishga hujjat topshirayotganlar ham 2 baravar ko‘p. Bir narsani aniq tushunish kerak. Yaqin-yaqingacha davlat oliygohlari monopoliya bo‘lgan. Va bundan foydalanib kelgan. So‘nggi yillarda sohaga raqobat kirib keldi, xususiy va xorijiy oliygohlar ko‘paymoqda va bu vaziyatni o‘zgartiradi, deya qayd etdi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 815 ta yo‘nalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter