Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbarining rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu maktab fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan.
Bu yerda 180 nafar o‘quvchiga 24 nafar pedagog xodimlar saboq beradi. Ta’lim jarayoniga Fanlar akademiyasining Astronomiya va Fizika-texnika institutlari xodimlari jalb etilgan. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va seminar-trening tashkil etish maqsadida jalb etiladigan chet ellik pedagoglar uchun mehmonxona, o‘quvchilar uchun yotoqxona qurilgan.
Maktab o‘quvchilariga innovatsion usullarda dars o‘tish maqsadida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilib, zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari o‘rnatilgan. Maktab binosining tom qismida o‘rnatilgan teleskopda o‘quvchilar osmon jismlarini kuzatishi mumkin.
Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar to‘garaklari ham tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari maktabning yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bolalar bilan suhbatlashdi.
– Bu maktabni Mirzo Ulug‘bek nomi bilan tashkil etganimiz bejiz emas. Bundan faxrlanishingiz, buyuk bobomizga munosib bo‘lishingiz kerak. Buning uchun juda katta intilish, qunt, mehnat zarur. Vatanimizga kerakli, yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Dars va dam olish vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlash, zamonaviy metodikalarni qo‘llab, bolalarning fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga imkoniyat yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter