Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Sarvinoz Sattorova: «Tilanchilik qilayotgan bolalarning ham kitob o‘qigisi keladi»

Sarvinoz Sattorova: «Tilanchilik qilayotgan bolalarning ham kitob o‘qigisi keladi»

Sarvinoz Sattorova ijtimoiy muhiti og‘ir oilalar farzandlariga hunar o‘rgatadi.

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy muhiti og‘ir oilalar yashaydigan uylar haqida eshitganmisiz? Men ham ana shunday manzildan maktub kelgunicha bexabar edim. Gap shundaki, Qo‘qon shahrining «Bo‘rchilik» ko‘chasi (eski «Xalq so‘zi»)dagi ikkita ana shunday ko‘p qavatli uylarda 100 ga yaqin iqtisodiy tomondan qiynalgan oilalar yashashadi.

Foto: «Xabar.uz»

Namangan Davlat universiteti magistratura bo‘limining tasviriy san’at va dekorativ amaliy san’at yo‘nalishi talabasi Sarvinoz Sattorova bu yerda yashaydigan bolalarga tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishi bo‘yicha saboq beradi. Shu bilan birga kutubxonada kutubxonachilik qiladi.

«Book challenge»ni qayerdan boshlash kerak?

«Xabar.uz»ga maktub yo‘llagan Sarvinoz Sattorova barcha qatori moddiy ko‘mak so‘rab murojaat qilmayapti, balki... keling qolganini talaba qizning o‘zidan eshitamiz:

— To‘quvchilikka qiziqadigan qizlar, ayollarni bor. Ip mahsulotlari taqchil bo‘lgani uchun ularni to‘garakka jalb etolmayapmiz. Men hunar o‘rgatayotgan bolalar orasida iqtidorlilari juda ko‘p. Ularning ko‘proq kitob o‘qishini ham istayman, afsuski, kutubxonadagi kitoblar sanoqligina, — deydi Sarvinoz. — Qo‘shnilarimiz orasida lo‘li bolalar ham bor. Ular tilanchilik qilishadi. Maqsadim kitoblar soni ko‘paysa, bu bolalar ham mutolaaga qiziqishsa. Chunki kutubxona ochilgan dastlabki paytlarda juda ko‘p shunday bolalar bu yerga tez-tez kirib turardi, endi ular uchun kitoblar eskirdi va bolalarning qadami uzildi. Men to‘garakdagi o‘quvchilarim va boshqa bolalarning ham turli mavzudagi asarlarni o‘qishini, dunyoqarashi kengayishini istayman. Ularga ko‘proq ertak kitoblar kerak. Agar bolalarni kutubxonaga chorlay olsak, o‘z-o‘zidan to‘garagimga ham qiziqish kuchayadi, hatto ota-onalar ham bekorchilikdan qutuladi.  

Foto: «Xabar.uz»

Sarvinoz Sattorovaning ustozi Tursunali Ahmadaliyev Qo‘qon shahar «Iqtidor» imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalar bolalarini qo‘llab-quvvatlash markazida rais. Sarvinoz ustozining yo‘lidan borib kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga bilim berish, iqtidorlarini yuzaga chiqarishni maqsad qilgan.

Bugun yoshlarni uncha-muncha maosh qoniqtirmaydi. Qoniqtirmaydiki, hatto xorijdan ish topish ilinjida bo‘lishadi. Sarvinoz Sattorova hech qanday ta’masiz qilayotgan xayrli ishni yoshlarimizga ibrat qilib ko‘rsatmoqchi emasmiz. Har kimning o‘z tanlagan yo‘li bor. Sarvinoz tanlagan yo‘ldan yurmoqqa va odimlamoqqa esa kuchli iroda kerak. Demak, shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tirgak bo‘lish har birimizning burchimiz. Keling, biz ham Sarvinozni qo‘llab-quvvatlaylik. U jon kuydirayotgan bolajonlar uchun kitob va ip mahsulotlari sovg‘a qilaylik.

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimiz bo‘ylab «Book challenge» — maktablarga kitoblar hadya etish tashabbusi davom etmoqda. Bu savobli tashabbusni yuqoridagi kabi ijtimoiy himoyaga, kitoblarga haqiqatda muhtoj muassasalardan boshlashimiz kerak emasmi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring