Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari AQShda o‘qish imkonini qo‘lga kiritadi
Samarqand davlat tibbiyot universitetining «Hamshiralik ishi» qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha talabalari AQShda o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti AQShning Vebster universiteti bilan bir necha yildan beri o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuritib kelmoqda. Jumladan, ikki muassasa o‘rtasida «Tibbiy biologiya» va «Oliy hamshiralik» bo‘yicha malakali mutaxassislarni Amerika standartlari asosida tayyorlashga ko‘maklashishi haqida kelishib olingan edi.
Mazkur kelishuv doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti O‘zbekiston oliy tibbiy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Vebster universiteti bilan hamkorlikda «Hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolandi. Memorandumga ko‘ra 2024-2025-o‘quv yilidan 3+1 shaklidagi «Hamshiralik ishi» qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilib, SamDTU talabalari AQShning nufuzli universitetida tahsil olish hamda malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ta’kidlash joizki Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Vebster universiteti o‘rtasidagi mazkur qo‘shma ta’lim loyihasi mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari ichida birinchi bo‘lib, talabalarimizning jahon standartlari asosida tibbiy bilim olishlari va raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga ko‘mak beradi.
Qo‘shma ta’lim dasturiga qabul jarayonlari joriy yilning avgust oyida boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter