Prezidentning yangi farmoni e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi.
Farmon bilan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) hamda Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari tasdiqlandi.
Konsepsiya hamda uning maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
a) ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida:
- ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimini joriy etish;
- ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda uning doirasida loyihalarni amalga oshirish;
b) ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash borasida:
- 2025-yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030-yilgacha esa 10 baravarga oshirish;
- 2025-yilga qadar ilm-fanni umumiy moliyalashtirish hajmida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xususiy sektor tomonidan ajratiladigan mablag‘lar ulushini amaldagi 8 foizdan 20 foizga, 2030-yilgacha esa 30 foizga yetkazish;
- innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021-yilda 2 ta, 2025 yilda 10 ta venchur jamg‘armalarini tashkil qilish;
v) yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish borasida:
- ilmiy tashkilotlar tadqiqotchilarining o‘rtacha yoshini 2025-yilga qadar 45 ga, 2030 yilgacha esa 39 ga yetkazish;
- 2025-yilga qadar 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning umumiy sonida yuqori malakali ilmiy xodimlarning (fan nomzodi, falsafa va fan doktorlari) ulushini 2 baravarga, 2030 yilgacha esa 3 baravarga oshirish;
g) ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish borasida:
- 2025-yilga qadar ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning umumiy hajmida tashkilotning o‘z kuchi bilan bajarilgan texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning ulushini 3,5 baravarga, 2030 yilgacha esa 9 baravarga oshirish;
- 2021 yilda «Yashnobod» innovatsion texnoparkining rezidentlari sonini 60 taga yetkazish va shu asosda innovatsion mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek, 720 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
- 7 ta zamonaviy laboratoriya majmualarini tashkil etish, ularni GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlash.
d) ilm-fan taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi zamonaviy axborot muhitini shakllantirish borasida:
- milliy ilmiy portalni yaratish;
- olimlar, tashkilotlar, ilmiy-texnik axborot manbalari reytinglarini joriy etish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter