O‘zbekistondagi bog‘chalarda robotlar paydo bo‘ladi
O‘zbekistondagi bolalar bog‘chalarida dasturlashni o‘rgatadigan robotlar paydo bo‘ladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligida o‘tkazilgan tadbirda ma’lum qilindi.
Bugun, 9 fevralda bolalarga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan Albert va Genibot aqlli robotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Koreya Respublikasidan kelgan hamkorlar O‘zbekistonning MTTga 275 ta robot va 350 ta o‘quv qo‘llanmasini sovg‘a qildilar.
Tadbir Maktabgacha ta’lim vazirligi, Koreya robot sanoatini rivojlantirish instituti (KIRIA), Koreya o‘qituvchilar uyushmasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom kompaniyalarining vakillari ishtirokida onlayn tarzda o‘tkazildi.
«Biz bolalar bog‘chalarida dasturlash ko‘nikmalari haqida gapirganda, kod yozishni nazarda tutmaymiz. Gap zamonaviy real hayot sharoitlarida muvaffaqiyat garovi bo‘lmish algoritmik tafakkurni rivojlantirish haqida ketmoqda. O‘yin uslubidagi robotlar ijodkorlik, mantiq, namunalarni tanib olish va optimal yechimlarni topish qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Dunyo axborot texnologiyalari davriga qadam qo‘ydi. Dasturiy ta’minot bilan ishlash, kompyuterlar tilida gapirish va buyruq berish qobiliyati majburiy bo‘lib qoldi. Biz bolalarimiz egallagan ko‘nikmalar zamon talablariga javob berishini istaymiz », — dedi MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori Oyatillo Rahmatillayev.
Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruqlari va algoritmlarini yaratishlari mumkin.
Robotlarga asoslangan o‘qitish dasturi Koreya Respublikasida yaxshi natijalar ko‘rsatdi. U yerda hukumat ko‘magida butun mamlakat bo‘ylab mingdan ziyod o‘quvchilarni qamrab olgan 140 ta sinf ochildi. Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktablar va bolalar bog‘chalarida ham shu kabi pilot dasturlari ishga tushirilgan.
«Kelajak robototexnika va avtomatlashtirilgan sanoatga tegishli bo‘ladi. Biz O‘zbekistonda ushbu taraqqiyotga daxldor ekanligimizdan mamnunmiz hamda Koreya va O‘zbekiston nafaqat robototexnika sohasida, balki innovatsiya sohasida ham samarali hamkorlik qilishiga umid qilamiz», — dedi KIRIA kompaniyasi prezidenti Chonil Mun.
Albert va Genibot robotlari butun O‘zbekiston bo‘ylab 53 ta TMTga taqsimlanadi. Joylarda ustozlarni o‘qitish va pilot loyihasi natijalarini monitoring qilish ishlari MTV huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi tomonidan olib boriladi.
Agar pilot loyihasi muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi yanada ko‘p bolalar bog‘chalarini aqlli robotlar bilan ta’minlaydi, shuningdek, ularning ish funksiyalarini imkoniyatlari cheklangan bolalarga mo‘ljallangan dastur bilan to‘ldiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter