Toshkentda chet elda o‘qish va ishlashni istovchilar uchun muhim tadbir o‘tkazilmoqda
28-30-mart kunlari «Yoshlar ijod saroyi»da «Ta’lim va mutaxassislik» XX xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazma ta’lim va bandlik yo‘nalishlarida tashkil etilib, unda AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Polsha, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi 70 ga yaqin nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, 40 dan ortiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, 40 dan ortiq xorijda ta’lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta’lim muassasalari hamda o‘quv kurslari ishtirok etmoqda.
Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig‘i Syuzanna Vud, Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Jidra Liyepina, O‘zbekistonda Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend ko‘rgazmaning ahamiyati va unda yoshlarning ishtiroki haqida so‘z yuritdi.
—Hozirda 570 nafar o‘zbekistonlik talaba AQShda tahsil olmoqda. Biz ularning safini yanada kengaytirmoqchimiz. Chunki dunyoning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari aynan Amerikada joylashgan. Shu sababli, o‘zbekistonlik talabalarda bizning mamlakatda o‘qish ishtiyoqi baland, – deydi Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig‘i Syuzanna Vud. — O‘zbekistondan o‘qishga borayotgan talabalar asosan, biznes, muhandislik va texnologiyalar bo‘yicha tahsil olishadi. Magistratura yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Tadbir doirasida bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida «Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi» tashkil etilib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ham qatnashdi.
Birinchi kundanoq ko‘rgazmaga 3 ming nafardan ortiq yoshlar tashrif buyurdi.
Shahnoza Nurullayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter