O‘zbekiston maktablarida amerikalik o‘qituvchilar dars beradi
Joriy yilning 13-sentabr kuni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov AQSh elchixonasi vakillari va USAIDning ta’lim bo‘yicha mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar bugungi kunda xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishtirilib, unda Atabek Nazirov bolaning tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga va potensialini oshkor qilishga yo‘naltirilgan ta’lim berishning interfaol usullarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
«Biz USAID bilan ta’lim sohasida hamkorlikni qayta tiklash va maktablarda ingliz tilini o‘qitish tizimini modernizatsiyalashda yordam olish imkoniyatidan mamnunmiz», dedi O.Nazirov
Shu munosabat bilan, USAID ekspertlari maktablardagi bolalarning o‘zlashtirish darajasini oshirish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator tadbirlarni taklif etishdi. Xususan tadqiqotlar doirasida o‘quvchilar o‘rtasida test imtihonlarini o‘tkazish va aniqlangan natijalar asosida o‘qituvchilar uchun dars berish usullarini yaxshilash va ularning samaradorligi oshirishga qaratilgan metodologiya ishlab chiqish taklif etildi. Shuningdek, tomonlar asosiy tillaridan biri sifatida ingliz tilini o‘qitishni, o‘quvchilarning shaxsiy ehtiyojlariga yo‘naltirilgan, ilg‘or o‘qitish usullarini joriy etish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar AQShdan malakali mutaxassislarni O‘zbekiston maktablariga jalb etish va ta’lim sohasidagi islohotlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi. Mazkur dasturlarni 2019-yilda amalga oshirishga kelishildi.
USAID vakillari O‘rta va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan turli dasturlari haqida so‘zlab berdi. Hisobotlarga ko‘ra, o‘quvchilarning o‘zlashtirishini oshirish va zaif guruhlardagi yoshlar bilan ishlash hamda 2011-2017-yillarda bo‘lajak liderlarni tayyorlash sohasida USAID dasturlari dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida 109 milliondan ziyod bolalar va yoshlarni qamrab olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter