O‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini vazirlik va YuNISEF birga tekshiradi
Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini belgilash va bunda salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash maqsadida YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «O‘quvchilarning muvaffaqiyatli o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash» bo‘yicha umummilliy tadqiqot o‘tkazmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Umummilliy tadqiqot umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining bilimini xalqaro talablarga yetkazish, unga mosligini o‘rganib borish, xalqaro amaliyotda foydalanib kelinayotgan PISA (Programme for international Student Assement), TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) kabi dasturlarga bosqichma-bosqich integratsiyalash maqsadida tashkil etilmoqda.
Tadqiqot ishlari joriy yilning may oyi davomida respublika miqyosida tanlab olingan 255 ta maktabda o‘tkazilib, unda umumta’lim maktablari 4-sinf o‘quvchilarining matematika, o‘qish va tabiatshunoslik fanlaridan yutuqlari tajriba-sinov tariqasida o‘rganiladi.
Umummilliy tadqiqot materiallari YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amaldagi DTS va xalqaro tajriba asosida tayyorlangan.
Joriy yilning 10-iyuniga qadar umummilliy tadqiqot natijalari tahlil qilinadi hamda olingan xulosalar asosida yangi o‘quv yilidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini oshirish va unga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter