Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim OTMlarda o‘qishga qabul davom etmoqda

Ayrim OTMlarda o‘qishga qabul davom etmoqda

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni so‘nggi uch yil ichida 47 taga ko‘payib, bugungi kunda 125 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi.

O‘z yo‘nalishida tayanch oliy o‘quv yurti hisoblangan barcha yetakchi universitet va institutlarning respublika bo‘ylab filiallari tashkil etilgan. Filiallar nafaqat viloyat markazlari va yirik shaharlarda, balki chekka tumanlarda ham ish boshlagan.

Bu yil oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida jami 162 364 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Natijada yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish 9 foizdan 25 foizgacha ko‘tarildi.

Shunday bo‘lsa-da, yoshlarda oliy ma’lumot olishga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligi va qabul kvotalari hozircha ularning ehtiyojini to‘liq qoplay olmayotganini hisobga olib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ular uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida MDH va Yevropaning qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikdagi double degree ta’lim dasturlari asosida o‘qitish qamrovi kengaymoqda. Birgina o‘tgan o‘quv yilining o‘zida AQSh, Germaniya, Fransiya Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya, Isroil va boshqa 22 ta davlatning 104 ta yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavriatning 83 ta ta’lim yo‘nalishi  va magistraturaning 64 ta mutaxassisligi bo‘yicha qadarlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

2020/2021 o‘quv yilida ham xorijiy hamkor universitetlar va qo‘shma ta’lim dasturlari davom ettirilib, hozirda qator OTMlarda qabul davom etmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Namangan davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Jizzax politexnika instituti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida qo‘shma ta’lim dasturlariga qabul davom etmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 22 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi va filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xalqaro huquq va munosabatlar, biznesni boshqarish, dasturlash va boshqa zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filialida hamda TEAM universiteti, Farg‘ona shahrida Koreya xalqaro universiteti kabi nodavlat oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda.

Shuningdek, yurtimizdagi qator oliy ta’lim muassasalari huzurida tayyorlov kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qulay shartlar va qator imtiyozlar asosida abituriyentlarni o‘qishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Misol uchun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlov kurslari tashkil etilgan. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikatni qo‘lga kiritgan tinglovchilar qo‘shma dasturga o‘qishga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi.

Qolaversa, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yurtimizda yangi professional ta’lim tizimi tashkil etilib, ularda tahsil oluvchilarga ham qator imtiyozlar berildi. Misol uchun, texnikumlarda ikki yillik tahsildan so‘ng fanlarni o‘zlashtirishda alohida muvaffaqiyatlarga erishgan bitiruvchilar oliy ta’lim muassasasida o‘qigan kasbi bo‘yicha suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi. Hozirda yurtimizdagi 201 ta kollej va 185 ta texnikumga qabul jarayoni davom etmoqda. Hujjatlar shu yilning 25 sentyabriga qadar qabul qilinadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring