O‘qish va matematika fanlari bo‘yicha birinchi milliy baholash xulosasi e’lon qilindi. Xo‘sh, natijalar qanday?
5 may kuni O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika fanlaridan bilimlarini baholash milliy dasturi (EGRA va EGMA) natijalari e’lon qilindi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan tadqiqot vazirlikka keyingi ta’lim islohotlari bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilishga ko‘mak beradi.
AQSh agentligi EGRA va EGMA dasturlarini O‘zbekistonda yetti tilga (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) va o‘zbek tili ikkinchi til sifatida o‘qitiladigan maktablarga moslashtirish uchun Respublika ta’lim markazi va AKTni rivojlantirish markazi bilan hamkorlik qildi. Mazkur dasturlar doirasida mamlakatning turli tillarda ta’lim beruvchi 935 maktabdan 21 ming nafar o‘quvchining bilimi baholandi.
«Baholash natijalari katta umid va optimizm bag‘ishlaydi. Butun dunyo bo‘ylab maktab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan pandemiya sharoitiga qaramay, O‘zbekistonning 3-sinf o‘quvchilari boshlang‘ich o‘qish va matematika ko‘nikmalari bo‘yicha mustahkam poydevorlari borligini namoyish etishdi. Ularning natijalari qo‘shni mamlakatlardagi tengdoshlari bilan barobar yoki undan ham yaxshiroq bo‘ldi», – deb xabar beradi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.
Ayni choqdada, o‘quvchilar o‘qilgan matn mazmunini tushunish ko‘nikmasini yanada chuqurroq egallashlari, matematika tushunchalari va yuqori darajadagi matematika ko‘nikmalarini yangi vaziyatlarga tatbiq qilishga ko‘proq e’tibor qaratish tavsiya etilgan. Ma’lumotlar viloyat va til guruhlari kesimida ko‘rsatkichlar orasidagi farqni ham yuzaga chiqardi. Bu esa vazirlikka O‘zbekistondagi barcha o‘quvchilar uchun ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan puxta qarorlar qabul qilishda yordam beradi.
«Ushbu tadbir Xalq ta’limi vazirligi uchun katta natijadir. AQSh va O‘zbekiston yuqori sifatli ta’lim taraqqiyotga dalda beruvchi kuch va kambag‘allikni qisqartirib, salomatlik, gender tenglik, tinchlik va barqarorlikni yaxshilovchi eng kuchli vosita ekanligi haqida mushtarak qarashga egalar. USAID va Xalq ta’limi vazirligining so‘nggi ikki yildagi sa’y-harakatlari ishonchli ma’lumotlarni to‘plash va tarqatishga olib keldi», – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevga ko‘ra, EGRA va EGMA kabi xalqaro miqyosda tan olingan baholashlar asosida chora-tadbirlarni amalga oshirish zamon talabidir.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda USAID va Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston tarixida birinchi marta o‘quvchilarni o‘qish va matematika fanlaridan ko‘nikmalarini keng ko‘lamli milliy baholash dasturini amalga oshirish haqida kelishuvga erishgandi.
Avval xabar berganimizdek, 2019 yil 28 sentyabr kuni ikki davlat o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolagandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi. Xalqaro baholash tizimini joriy etish loyihasi ana shu besh yillik kelishuvning dastlabki bosqichi sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter