Oliy sud qarori ijrosiz qolmoqda – Andijon viloyat hokimligi va Bosh prokuratura sukutda
O‘tgan yilning 3 dekabr sanasida bir guruh ota-onalar murojaati ortidan Andijon viloyati Paxtaobod tumani 13-maktabning sport maydoni noqonuniy sotib yuborilgani va buzish ishlari ortidan maktabda jismoniy tarbiya va sport to‘garaklari faoliyati to‘xtab qolgani yoritilgan edi.
Shunday keyin, muammoga bir qator bloger va jamoatchilik faollari, xususan Aziza Qurbonova, Shahnoza Saotova, Isroil Tillaboyev va Bahodir Ahmedovlar ham ijtimoiy tarmoqlarida munosabat bildirishgan.
Keyinroq, Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ham holat hokimlik tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qilgandi.
«Ishchi guruh tuzildi va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida qonun buzilish holatlariga chek qo‘yilib sud qaroriga asosan qurilishi tugallanmagan binoni buzish choralari ko‘rilmoqda», — deyilgan edi munosabatda.
Joriy yilning mart oyida ham maktab jamoasi va o‘quvchilar ota-onalari tahririyatimizga qayta murojaat yo‘llab 3 oydan ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmagani, shu bo‘yi ish bosdi-bosdi bo‘lib ketishidan xavotirda ekanliklarini ma’lum qilishgandi.
Shundan so‘ng, Paxtaobod tumani hokimligi matbuot xizmati bir oy muddatda qurilishi tugallanmagan bino majburiy ijro organlari tomonidan buzilishi ta’minlanishi ta’kidlab chiqqandi.
«T.M.ning g‘oliblik bayonnomasini bekor qilish bo‘yicha Izboskan tumanlararo fuqarolik sudiga tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 2023 yil 9 yanvarda da’vo ariza bilan murojaat qilingan. Sud tomonidan 2023 yil 15 mart kuni ish mazmunan ko‘rib chiqilib, da’vo qanoatlantirildi.
Sud qarori qonuniy kuchga kirgandan so‘ng bir oy muddatda tadbirkor tomonidan qurilmalarni o‘z hisobidan buzib olinmagan taqdirda, majburiy ijro organlari tomonidan buzilishi ta’minlanadi», – deb qayd etilgan munosabatda.
Joriy yil 4 aprel sanasida T.M.ning ishonchli vakili J.A. Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Natijada, ish Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2023 yilning 28 aprel 9:30 da Oliy sud binosida ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Biroq, mazkur sanada sud majlisi o‘tkazilmagan. Oliy sud bilan bog‘lanilganda ish keyinroqqa qoldirilgani ma’lum qilingan.
Bu boradagi xabar saytimizda e’lon qilingani ortidan, ish Oliy sudda 12 mayda ko‘rib chiqilib, ishonchli vakil J.A.ning kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmagan.
Kuni kecha, Xabar.uz’ga maktab jamoasi vakillari va ota-onalarining ma’lum qilishicha, Oliy sud qarori chiqqaniga oradan 2 oy vaqt o‘tganiga qaramasdan maktab sport maydonida noqonuniy qurilgan inshoot buzilmayapti. Vohalanki, sud qarori kuchga kirishi bilan noqonuniy inshoot 1 oy muddatda buzilishi kerak edi. Ota-onalarning ta’kidlashicha, Paxtaobod tumani hokimligi, prokuratura organlari, majburiy ijro byurosi va qator mutasaddi tashkilotlarga qilinayotgan murojaatlar samara bermayapti.
Ota-onalar Oliy sudda ko‘rilgan va Andijon viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, sud qaroriga asosan qurilishi tugallanmagan binoni buzish choralari ko‘rilishi borasidagi va’da bajarilmayotganidan xavotirda. Ular maktab sport maydoni o‘quvchilarga tezroq qaytarilishini so‘rashmoqda.
Xabar.uz tahririyati holat yuzasidan Bosh prokuratura, Andijon viloyati hokimligi hamda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligidan izoh kutadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter