Mutaxassis: she’r yodlatish XXI asr pedagogikasi emas
Bugun Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida tashkil etilgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda bir qancha masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, rahbar va pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish, davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish kabi masalalar haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbirda markaz tomonidan pedagog kadrlar uchun 7-12 fevral kunlari «Zamonaviy trener dasturi» nomli trening mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bu dastur asosan Prezident maktablari, prezident-ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablari o‘qituvchilarini qamrab oladi.
«Yaxshi o‘qituvchi, yaxshi trener yoki mentor degani emas. Biz o‘qituvchilar nafaqat o‘qitishi, balki o‘rganishini ham ta’minlamoqchimiz. Maqsad o‘qituvchilarni yiqitish emas. Biz o‘z ustida ishlamaydigan o‘qituvchi qolishini istamaymiz», — deydi maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish markazi boshqarma boshlig‘i Gavhar Ishimova.
«She’r yodlatish, XXI asr pedogogika talablariga javob bermaydi. Bu fikrlashning eng quyi shaklinigina rivojlantiradi. Biz taklif etayotgan yangi tizim esa o‘qituvchining o‘qitishiga emas, o‘quvchisining o‘rganishiga asoslangan», — deb qo‘shimcha qildi Seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘lim boshlig‘i Nargiza Qo‘chqorova.
Gavhar Ishimovaning ta’kidlashicha, AKT vazirligi bilan hamkorlikda o‘qituvchilar uchun maxsus platforma ishlab chiqilmoqda va bu tizim jahon standartlariga to‘la javob beradi.
Shuningdek, markaz tomonidan pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda PDQ (Professional development qualification) — kasbiy rivojlanish loyihasi dasturi ustida ish olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 9-dekabr 2021 yildagi 741-son qaroriga muvofiq, Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter