Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Peshonaga qo‘yilgan «2»lar: maktabdagi bir qator mansabdorlar ishdan olindi

Peshonaga qo‘yilgan «2»lar: maktabdagi bir qator mansabdorlar ishdan olindi

So‘nggi kunlarda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda peshonasiga «2» baho qo‘yilgan o‘quvchilar surati tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi va hamyurtlarimizning haqli e’tirozini keltirib chiqardi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur holat o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea shu yilning may oyi boshida Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabining 1-«J» sinfida sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan muassasada xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, o‘quvchilarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ygani uchun barcha mas’ul xodimlarga tegishlicha chora ko‘rildi. Bu haqda «Xabar.uz» saytiga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, muassasada o‘quvchilarning huquqlari poymol etilishi, ularning qadr-qimmati kamsitilishiga sharoit yaratib bergani, maktabda nazoratni izdan chiqarib, ta’lim-tarbiya jarayonini qoniqarsiz holatga keltirgani, o‘zining lavozim majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgani uchun maktab direktori D.Babamuratova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari H.Razzoqova, G.Baymatova, O.Abdullayeva, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar I.Mo‘minov, M.Ro‘ziyeva hamda pedagogga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari, o‘z o‘quvchisining kamsitilishiga yo‘l qo‘ygani uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari S.Rahmonova, M.Hamdamova bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

O‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tasarrufidagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini nazorat qilmagani uchun Bekobod shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri M.Qo‘zibayevga «Hayfsan» berildi. Bekobod shahar xalq ta’limi bo‘limi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va bolalarning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha sho‘’ba mudiri N.Musakova egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Burxonov o‘quvchilarning ota-onalari bilan uchrashib, ulardan bo‘lgan voqea uchun uzr so‘radi.

Mazkur holat tizimdagi barcha ta’lim muassasalarida pedagoglar, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Voqea yuzasidan aniqlangan xato va kamchiliklarga huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lumot kiritildi.

Xalq ta’limi vazirligi har bir o‘quvchining bepul va sifatli umumiy o‘rta ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz ta’minlanishiga ko‘maklashadi va o‘quvchi huquqlari buzilishining har qanday ko‘rinishiga nisbatan qat’iy chora ko‘radi. Shu o‘rinda, vazirlik ota-onalar va jamoatchilikdan ta’lim-tarbiya jarayonlarida faol bo‘lishni so‘ragan holda hamkorlikka doim tayyorligini ma’lum qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring