Magistrlar uchun yangi stipendiya e’lon qilindi
Metsenat.uz loyihasi doirasida birinchi marta mahalliy hokimlik talabalar uchun ta’lim dasturini e’lon qildi.
Samarqand viloyati hokimligi magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun stipendiya joriy qildi. Stipendiya dasturida Samarqand viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari ishtirok eta oladi.
Kelib tushgan arizalar ichidan 10 nafar g‘olib saralab olinadi va ularga 6 oy mobaynida har oy 1 million so‘mdan stipendiya beriladi.
Stipendiya dasturida ishtirok etish uchun davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning ahamiyati yo‘q, bunga cheklov qo‘yilmagan. Shuningdek, barcha mutaxassislik magistrlari qatnashishi mumkin.
G‘oliblarni saralashda nomzodning a’lo o‘qishi, xorijiy tillarni bilishi, ijtimoiy hayotda faolligi va boshqa jihatlar inobatga olinadi.
Arizalar joriy yilning 31-dekabriga qadar www.metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga qadar Metsenat.uz loyihasida yana uchta ta’lim granti e’lon qilingan edi. Bular:
1) Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va «Mehrli qo‘llar» xayriya fondi tomonidan barcha talabalar uchun jami 400 mln so‘mlik grant (ariza topshirishning oxirgi muddati 10 dekabr);
2) «Xushnudbek.uz» Telegram kanali tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari uchun jami 30 mln so‘mlik grant (ariza topshirishning oxirgi muddati 14 dekabr);
3) «Najot ta’lim» markazi tomonidan tibbiyot sohasida o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun jami 15 mln so‘mlik grant (ariza topshirishning oxirgi muddati 2021-yil 10-yanvar);
Ma’lumot o‘rnida: Xabar.uz nashri Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi va saytda e’lon qilinayotgan barcha grant hamda stipendiyalarni targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta’limga beminnat homiylik qilishga chorlab qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter