Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Legitimlik strategiyalari, o‘ylab topilgan dogma» — Nagoya universiteti doktoranti bilan suhbat

«Legitimlik strategiyalari, o‘ylab topilgan dogma» — Nagoya universiteti doktoranti bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz Yaponiyadagi Nagoya universiteti doktoranti Akrom Avezov.

Qahramonimiz magistraturani ham Nagoya universitetida o‘qigan, bakalavr bosqichini esa, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tamomlagan.

Yutuqlarimda bobom va buvimning hissalari ulkan

Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bolaligimning katta qismi ham aynan shu yerda o‘tgan. 6-sinfgacha poytaxtdagi 328-umumta’lim maktabida tahsil olganman. So‘ngra esa, Urganch shahriga ko‘chib, u yerdagi 1-sonli maktabni tamomlaganman. Ikkala maktab ham men uchun ko‘plab unutilmas xotiralarning manbasi hisoblanadi, ayniqsa sinf rahbarlari borasida rosa omadim kelgan.

Toshkentda yashagan davrimda tarbiyam bilan asosan bobom va buvim shug‘ullanishgan, shuning uchun ham barcha yutuqlarimda ularning ulkan hissasi bor. Aynan bobom menda ilm olishga qiziqishni birinchi bo‘lib uyg‘otgan, 1-sinfga borishimdan oldin yozish, o‘qish va hattoki kompyuterdan foydalanishni o‘rgatgan. Yumushlari ko‘p va ishdan charchagan bo‘lsada, mening «U kim?», «Bu nima?» turkumidagi savollarimni birontasini ham javobsiz qoldirmaslikka harakat qilganlar. Balki, shuning uchun ham bolaligimdan intellektual o‘yinlarga qiziqishim baland, avvalo «Kim millioner bo‘lishni istaydi?», «Kim? Qayerda? Qachon?», «Zakovat», «O‘yla, izla, top» dasturlarini televizorda ko‘rgan bo‘lsam, Urganchdagi maktabda o‘zim shunday o‘yinlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanganman.

Xorijiy universitetlarga ham qabul qilingan edim...

Avvalo, iqtisodiyot sohasi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tanlashimda qandaydir bir romantik yoki quloqqa yoqadigan sabab mavjud emas. Hammasi juda oddiy. Bu qarorga kelishimda otamning roli katta. Birinchidan, otamning o‘zi iqtisodchi bo‘lgani tufayli, tabiiyki menda ham bu sohaga qiziqish paydo bo‘lgan. Qolaversa, maktab paytlari matematika faniga ishtiyoqim baland edi va ingliz tilini o‘rganishni 1-sinfdayoq boshlab yuborganim tufayli otam meni JIDU qoshidagi akademik litseyga hujjat topshirishga undagan.

Matematika va ingliz tili bo‘yicha o‘rganishlarimni litseyda ham davom ettirdim. Natijada, 2015 yil JIDUning xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti talabasiga aylanganman. JIDU bilan birgalikda o‘sha paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy universitetlarga ham qabul qilinganman. Ammo, universitetni tamomlagach Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa davlat boshqaruvi idoralarida faoliyat yuritishni maqsad qilganim bois JIDUni tanladim. Bu yerdagi 4 yil akademik salohiyatimni oshirish bilan cheklanib qolmay, turli sabablarga ko‘ra hayotdagi pozitsiyam, qarashlarim va kelajakdagi rejalarimda keskin o‘zgarishlarga olib keldi. 2018 yil talabalar almashinuvi dasturi asosida Yaponiyaning Hokkaydo universitetida o‘tkazgan 5 oy hamda JIDUdagi jahon iqtisodiyoti va savdo munosabatlariga oid kurslarda ishtirokim burilish nuqtasi bo‘ldi.

Ta’limni siyosatshunoslik bo‘yicha davom ettirdim

Shunday o‘zgarishlardan eng muhimi ta’limni iqtisodiyot emas, siyosatshunoslik bo‘yicha davom ettirish bo‘ldi. Zero, JIDUdagi talabalik davrida O‘zbekistonda mavjud deyarli barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning ildizi borib siyosiy masalalarga taqalishiga amin bo‘ldim. Ya’ni, «o‘zbek modeli»ning «avval iqtisod, keyin siyosat» tamoyili siyosiy islohotlarni ortga surish uchun o‘ylab topilgan dogmalardan biri ekanligini tushunib yetdim. Aksincha, kompleks siyosiy islohotlarsiz barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish qiyin ekanligini ko‘rsatuvchi tahlillar ham bu fikrimni yanada mustahkamladi. Shuning uchun ham magistratura bosqichida siyosatshunoslik bo‘yicha tahsil olib, bu sohada ilmiy ishlar olib borishga qaror qildim.

Nima sababdan Yaponiyaga hujjat topshirganimga asosiy sabab esa, yuqorida aytganimdek, Hokkaydo universitetida o‘tkazgan qisqa davr edi. 5 oy davomida men Yaponiya ta’lim tizimi haqida zarur ma’lumotlarni to‘pladim, magistraturaga grant yutib olish uchun kerakli shartlarni o‘rgandim. Qo‘shimchasiga, yapon tili bo‘yicha bilimlarimni kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldim. Eng muhimi, ilmiy qiziqishlarim mos keladigan yapon universitetlaridagi professorlar bilan bog‘lanib, ular bilan muloqot qildim. Xullas, magistraturada ta’lim olish uchun eng mos manzil sifatida Yaponiyani tanlash qarori ancha oson kechdi.

Shaxs sifatida mustaqil bo‘lishga harakatim kuchaydi

Yaponiyadagi 3 yildan ortiq hayot shaxsiy hislatlarim va dunyoqarashimga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi, albatta. Birinchi navbatda, individuallik, ya’ni shaxs sifatida mustaqil bo‘lishga harakatim kuchaydi. Moliyaviy jihatdan ham emotsional jihatdan ham ko‘proq o‘z kuchimga ishonishni boshladim. Ikkinchidan, sayohat qilish madaniyatini shakllantirishga erishdim. Bir oyda kamida 2 marta turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda Yaponiyaning turli burchaklariga borishni odat qilganmiz. Pandemiya yanada chekingandan so‘ng esa yaqin atrofdagi boshqa mamlakatlarga ham tashrif buyurishni rejalashtirganmiz. Uchinchidan, Yaponiyada ilmiy soha vakillari, mustaqil ekspertlarning davlat boshqaruvi, qaror qabul qilish jarayonidagi o‘ta muhim roli meni kelajagimni akademik yo‘nalish bilan bog‘lashimga sabab bo‘ldi. Qachondir O‘zbekistonda ham hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarida soha mutaxassislarining ob’yektiv baholariga jiddiy munosabat bildirishni boshlashadi degan umiddaman.

Izlanishim O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlarining legitimlik strategiyalarini o‘rganishdan iborat

2021 yilda magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagach, ilmiy rahbarimning maslahatiga binoan ta’limning keyingi bosqichi-doktoronturaga hujjat topshirdim va qabul qilindim. Hozir, siyosatshunoslik bo‘yicha falsafa doktori darajasini olish uchun ilmiy izlanish olib boryapman. Izlanishimning maqsadi O‘zbekiston va Qozog‘istondagi hukumatlarning legitimlik strategiyalari va ularning samaradorligini o‘rganishdan iborat. Ya’ni, bu ikki davlat rahbarlari va ularning jamoalari qanday qilib o‘z hokimiyatini asoslaydi va bu boradagi yondashuvlar mustaqillik yillarida qay tarzda o‘zgargan degan savollarga javob qidirish bilan shug‘ullanmoqdaman.

Ilmiy loyiham nafaqat hukumatning o‘z legitimligi borasidagi qarashlarini va argumentlarini, balki aholining bu asoslarga qay darajada ishonishini ham o‘rganishni taqazo qiladi. Qolaversa, aholi uchun davlat boshqaruvida qaysi jihatlar eng muhim ekanligini aniqlash imkoni bo‘ladi. Bu ilmiy ish mamlakatimizdagi aniq bir muammoning yechimini taqdim qiladi deyish qiyin, bu ko‘proq davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning asl ko‘rinishini aniqlash va bu orqali kelajakdagi siyosiy natijalarni tahmin qilish imkonini beradi.

Energetika sohasi xususiylashtirilishi juda muhim

Mamlakatimizda muammolar bor, eng asosiy muammo esa – o‘rtacha o‘zbekistonlik potensialidan kambag‘alroq hayot kechirmoqda. Masalan, aholi jon boshiga YaIM (Yalpi ichki mahsulot) bizda 2000 AQSh dollaridan kam, Hukumat bu ko‘rsatkichni 2030 yilgacha 4200 AQSh dollariga yetkazish haqida gapirmoqda. Fikrimcha, O‘zbekistonning haqiqiy imkoniyati bu raqamlardan ancha yuqori, shu bois oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish uchun islohotlarning hozirgi suratini karrasiga jadallashtirish lozim.

Agar faqat iqtisodiy masalalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston mehnat va yer resurslariga boy bo‘lganligi hisobiga aynan shu resurslar intensiv ishlatiladigan sohalar qisqa va o‘rta muddatda iqtisodiy o‘sishimizning lokomotivi bo‘la oladi. Masalan, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va turizm sohalari shular jumlasidan. Shu bilan birga, jahon bozoriga integratsiyalashuv, proteksionizm siyosatidan voz kechish hamda energetika sohasining xususiylashtirilishi juda muhim hisoblanadi. Ammo, kompleks siyosiy-ma’muriy islohotlarsiz faqat iqtisodiy choralar orqali erishilgan o‘sishning ijobiy natijalari aholining katta qismi uchun chegaralangan bo‘ladi.

Ilmiy izlanish bu – sutkasiga 24 soatlik faoliyat

Doktorantura talabasi sifatida universitetda darslarda qatnashish yoki dars berish majburiyatim yo‘q. O‘z kun tartibimni mustaqil belgilagan holda, faqat ilmiy izlanish bilan shug‘ullanaman. Bir qarashda bo‘sh vaqtim ko‘pdek tuyulishi mumkin, lekin bu sutkasiga 24 soatlik faoliyat desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shunday bo‘lsada, zarur xordiq uchun, oilam bilan birga vaqt o‘tkazish uchun doim vaqt ajrataman. Sal oldinroq aytganimdek, turmush o‘rtog‘im va oilaviy do‘stlarimiz bilan birgalikda tez-tez sayohat uyushtirib turamiz. Yaponiyaning tabiati juda go‘zal manzaralardan iborat va har safar o‘zimiz uchun qandaydir yangilik kashf qilamiz. Sayohat meni kundalik tashvishalardan chalg‘ishdan va yig‘ilib qolgan charchoqlarimni chiqarishdan tashqari, fikrlarimni oydinlashtirishga yordam beradi. Asosiy faoliyatimning o‘zi kitob va maqolalar o‘qishni taqazo qilganiligi uchun kitob o‘qishni bo‘sh vaqt uchun mashg‘ulot deb ayta olmayman, ammo hujjatli filmlar hamda YouTube platformasidagi o‘zimni qiziqtirgan mavzulardagi videolarni tomosha qilishni ham odat qilganman.

 Siyosiy tuzilmada ilmiy soha vakillari roli juda yuqori

Bu savolni juda ko‘p berishadi. Unga qanday javob berish kerakligi esa meni doim o‘ylantirib kelgan. Bakalavr bosqichidagi bitiruv ishim ham shunga yaqin mavzuda edi. Shubhasiz, rivojlangan davlatlarning misollarini o‘rgangan holda ulardan xulosa qilish har qanday rivojlanayotgan mamlakat uchun muhim. Ammo, men bu savolga faqat Yaponiya nuqtayi nazaridan emas, balki deyarli barcha rivojlangan davlatlar uchun universal bo‘lgan ayrim jihatlarni umumiy tarzda sanab o‘tmoqchiman. Fuqarolik jamiyatining erkinligi va faolligi, mulk huquqining daxlsizligi, siyosiy plyuralizm, kuchli parlament, OAV erkinligi, meritokratik asoslarda shakllangan byurokratiya shular jumlasidan. Yuqoridagilar barqaror rivojlanishimiz uchun zarur tarkibiy qismlar, biroq ular ham absolyut emas, albatta. Agar boshqa mamlakatlardan farq qiladigan Yaponiyaning bir jihatni ajratib olish lozim bo‘lsa, siyosiy tuzilmada ilmiy soha vakillari, tadqiqot institutlari va mustaqil ekspertlarning roli juda yuqori ekanligi O‘zbekiston uchun ham andoza bo‘la oladi.

 O‘zimni to‘liq o‘qituvchilikka bag‘ishlash niyatim bor

Men tanlagan yo‘l, akademik faoliyat, oldindan rejalashtirish qiyin sohalardan. Shunday bo‘lsa-da ma’lum rejalar yo‘q emas, albatta. Birinchi navbatda, 2-3 yil ichida dissertatsiyamni yozib uni himoya qilish hozirgi kunda prioritetim hisoblanadi. Undan keyingi qadam esa, ilmiy tadqiqot institutlarida tajriba orttirish bo‘ladi degan umiddaman. Shunday ekan yaqin kelajakda asosiy e’tibor Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘lgan tadqiqot institutlarida faoliyat yuritishni maqsad qilganman.

Shu bilan birga O‘zbekistonda o‘z soham bo‘yicha dars berishga ham qiziqish bildiryapman. Ammo, boshlanishiga faqat xususiy universitetlar va faqat onlayn dars berish bo‘yicha variantlarini ko‘rib chiqaman, degan fikrdaman. Tadqiqot institutlaridagi faoliyatim tugagach esa o‘zimni to‘liq o‘qituvchilikka bag‘ishlash niyatim bor. Xullas, qayerda bo‘lsam ham ilmiy faoliyatim markazida O‘zbekistonning ichki siyosiy tuzilmalasi qoladi, deb o‘ylayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring