Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Latviya va Estoniyada 22%, Shvetsiyada esa 33%» – Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasi xodimi bilan suhbat

«Latviya va Estoniyada 22%, Shvetsiyada esa 33%» – Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasi xodimi bilan suhbat

Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Akmaliddin Alimov Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Bakalavrni Latviyada, magistraturani Latviya va Estoniyada tahsil olgan. Ayni vaqtda Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasida 5G yangi avlod texnologiyalarini rivojlantirish muhandisi sifatida ishlaydi.

Yillar o‘tgani sayin to‘g‘ri qaror qilganimni anglab yetyapman

Farg‘ona shahrida tug‘ilganman va o‘sha yerda o‘rta ta’lim maktabi va akademik litseyida tahsil olganman. Bolaligimdan fizika va chet tillariga qiziqishim bo‘lgani tufayli, maktab va litseyda shu yo‘nalishlarda ko‘proq bilim olishga harakat qilganman.

Maktabni bitirishga yaqin chet elda o‘qishga ishtiyoqim uyg‘ondi va ota-onam bu yo‘lda qo‘llab-quvatlashdi, lekin moliyaviy sharoitimiz bunga yetmas edi, shu boisdan ular bir necha yil chet davlatga chiqib ishlab kelishlariga to‘g‘ri kelgan.

Asosiy qiziqishim Robototexnika bo‘lgan va bu soha juda rivojlangan davlatlardan biri Yaponiyada bakalavr bosqichida o‘qishni niyat qilgandim. Lekin ko‘pchiligimizga ma’lum, Yaponiyada tabiiy ofatlar ko‘p bo‘ladi. Shu sababli ota-onam Yaponiyaga borishimga qarshilik qilishgan.

Otamning ham texnika yo‘nalishiga qiziqishlari tufayli, Latviya davlatida Telekommunikatsiya yo‘nalishida o‘qishni tavsiya qilganlar. Boshida bu yo‘nalishga qiziqishim bo‘lmadi. Ammo otam bu yo‘nalish bilan qayerlarda ishlasa bo‘lishini va nima ishlar qilish mumkinligini aytib berganlarida, ayniqsa, Sputniklar bilan aloqalarni ham shu yo‘nalishda o‘qitilishini bilganimda, bu yo‘nalishga mehrim uyg‘ondi. Yillar o‘tgani sayin juda to‘g‘ri qaror qilganimni anglab yetyapman.

Hozir Shvetsiyadagi Ericsson kompaniyasida 5G yangi avlod texnologiyalarini rivojlantirish muhandisi sifatida ishlayapman.

Bir vaqtda to‘rtta grant olishi mumkin

2013-yil Latviyaga o‘qishga yuboruvchi agentlikka murojaat qildim va Riga Technical University (Riga Texnika universiteti)ga shu agentlik orqali imtihon topshirib o‘qishga kirdim. Latviya davlatini tanlaganimning asosiy sababi, o‘sha yillari Yevropaga chiqish va viza olish uchun nisbatan oson davlat ekanligi bo‘lgan. Keyingi omillardan, Latviya kichik davlat bo‘lishiga qaramasdan IT, Telekommunikatsiya va muhandislik bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda edi. Buni o‘qish jarayonida ham o‘z isbotini topgan.

Bakalavr vaqtida talabalar universitet tomonidan tashkil qilingan, muhandislik, IT va shunga o‘xshash turli yo‘nalishlardagi klublarga a’zo bo‘lsa bo‘ladi. Men ham Rigada o‘qish vaqti bir nechta klublarga a’zo bo‘lganman va ko‘plab amaliy ishlarni olib borishni o‘rganganman. Chunki har bir klubni o‘z laboratoriyasi, jihozlar va barcha kerakli anjomlari bor va talabalar o‘zlari qiziqqan loyihalarini amalga oshirish uchun foydalansa bo‘ladi.

Yana bir hayotimda o‘z yo‘nalishimni rivojlantirishimga katta turtki bo‘lgan inson – avstriyalik professorim Lesli Robert Adrian. Tanishishdan oldin ularning ko‘plab qiziqarli loyihalar olib borishini eshitgandim va shu loyihalarga qo‘shilish maqsadida unga murojaat qilib, kerak bo‘lsa bepulga ishlashga tayyor ekanligimni aytganman. Shunda u yangi loyiha – havodan simsiz elektr energiyasini uzatish tizimlarini ishlab chiqmoqchiligini va men ham qo‘shilishim mumkinligini aytdi. Professorim aytgan loyiha haqida hech narsa bilmasam-da, menga juda qiziq tuyuldi va qo‘shilishga qaror qildim. Bu loyihada 1 yil bepul ishladim va katta yutuqlarga erishdik. Shunda loyihamiz yana grant olganidan keyin oz bo‘lsa-da professorim menga oylik to‘lashni boshladi.

Shunday qilib bakalavrning uchinchi kursini ham boshladim va o‘sha yili Latviya ta’lim grantiga ega bo‘ldim. Ko‘p Yevropa davlatlarida bo‘lgani kabi, Latviyada ham bakalavr bosqichida o‘qish pullik, ammo uchinchi kursda davlat grantini olish imkoniyati bor.

Bakalavrni bitirgach, shu universitetda magistraturada o‘qish uchun grantga hujjatlar topshirdim va faqat magistraturani birinchi bosqichi uchun grant yutib oldim. Chunki Latviyada faqat 2 yil ketma-ket grant yutib olsa bo‘ladi xolos, men esa birinchi marta bakalavrning uchinchi kursida va ikkinchi grantni magistraturaning birinchi kursida yutib oldim.

Shuning uchun magistraturaning birinchi kursini tamomlagach, Latviyadan Estoniyaga borishga qaror qildim. Chunki Estoniyaning poytaxti Tallin shahridagi TalTech universitetiga hujjatlarimni topshirganimda ular menga magistraturani bepul o‘qish va yashash xarajatlarim uchun stipendiya olishim mumkinligini aytishdi. Bu men uchun har tomonlama yaxshi taklif edi. Estoniya ham IT, muhandislik bo‘yicha katta yutuqlarga erishgan. Masalan, hammamiz bilgan «Skype» kompaniyasi Eston va Shvedlar tomonidan tashkil qilingan.

Estoniyadagi o‘qish jarayoni haqida gapiradigan bo‘lsam, katta tajribaga ega o‘qituvchi va professorlar bilan ta’lim olish davri juda yaxshi o‘tgan. Shuningdek, magistraturada o‘qiydigan talabalar bir vaqtda to‘rtga yaqin grant olishi mumkin. Bular bepul o‘qish, bakalavrda yaxshi baholarga qarab beriladigan stipendiya, magistraturadagi har bir semesterdagi baholariga qarab beriladigan stipendiya va fakultetda TOP 3 talabalar qatoriga kirganda beriladigan stipendiya. Qolaversa, Estoniya magistrlar uchun IT va muhandislik sohasida juda katta imkoniyatlar yaratgan.

Magistraturani o‘qish jarayonida Ericsson kompaniyasining Tallindagi ofisiga o‘z hujjatlarimni topshirib, telekommunikatsiyada o‘z tajribalarimni ular bilan bo‘lishish va shu yo‘nalishda o‘smoqchi ekanligimni aytdim. Bir nechta suhbatlardan so‘ng meni kompaniyaga Injener Developer sifatida ishga olishdi.

U yerda 2 yilga yaqin ishladim. Keyin Shvetsiyadagi Ericsson kompaniyasiga ko‘chib o‘tishga qaror qildim. Chunki o‘sha paytlari oila qurish arafasida edim va Shvetsiya oilaviy yashash uchun qulay mamlakat. 2019-yili turmush o‘rtog‘im bilan Shvetsiyaga keldik va hozir Malmo shahrida istiqomat qilamiz.

«O‘rtacha» shiori bilan yashashadi

Latviya va Estoniyadagi aksariyat odamlarda ruscha mentalitetni ko‘rish mumkin. Birinchi marta 2013-yil Latviyaga borganimda bir kun ko‘chada adashib qoldim va bir keksa ayoldan yo‘l so‘radim. Shunda u ayol menga qayrilib ham qaramadi, xuddi hech kim unga gapirmayotgandek tutgan edi. Bu menga juda ta’sir qildi va Latviyada yashash jarayonida latishlarning ozroq millatchi ekanligini sezdim. Estoniyada ham shu narsa bor. Lekin Latviyadagi kabi yuqori emas.

Shvetsiya esa o‘z qatorida boshqa dunyo. Shvedlar tashqaridan sovuq odamlardek ko‘rinsa-da, tanishib olganingizdan so‘ng juda qiziqarli xalq ekanini bilib olasiz. Shvedlar samimiy va hayotda «logom» tarjimasi «o‘rtacha» shiori bilan yashashadi. Shvedlar juda boy bo‘lib ketishni, juda bachkana bo‘lishni, juda chiroyli bezanish va shunga o‘xshagan narsalarni ma’qul ko‘rishmaydi. Yana bir muhim xarakterlaridan, ularning qo‘li ochiqligini aytishim mumkin.

Latviya va Estoniyada 22%, Shvetsiyada esa 33%

O‘zbekistonda hozir ko‘p sohalarda rivojlanish bo‘lyapti. Lekin hali rivojlangan davlatlardan o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p deb o‘ylayman. Yevropada 3 ta davlatda yashagan bo‘lsam, ayniqsa, bu davlatlardagi tibbiyot, ta’lim dargohlari, soliqlar va ishchilar uchun yaratib berilgan sharoitlarni ko‘rib havas qilganman.

Xususan, ushbu mamlakatlarda deyarli hamma narsa raqamlashtirilgan. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda ham barcha soha raqamlashtirib borilsa, rivojlanish va aholi uchun qulay bo‘ladi. Men yashagan davlatlarda agar shifokorga murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, onlayn tarzda kun va vaqt belgilaysiz va o‘sha vaqtda borasiz. Bularning barchasi ko‘p hollarda bepul.

Soliqlarga keladigan bo‘lsak, hamma fuqaro soliq to‘laydi va bu narsani davlat har bir odamning o‘z raqami orqali ko‘rib kuzatib turadi. Shuning uchun raqamlashtirish juda muhim deb o‘ylayman. Latviya va Estoniyada daromad solig‘i 22%, Shvetsiyada esa 33%. Ko‘pchilik bunga chin ko‘ngildan rozi ekanliklarini aytishadi. Chunki bu soliq orqali ta’lim, tibbiyot va boshqa inson uchun kerakli sohalarda bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Doktoronturada o‘qish niyatim bor

Shvetsiyada turli millatlar ko‘p va hamma har xil sohada ishlaydi. Shuning uchun asosan qaysi sohada ish topish mumkin ekanligini aniq aytolmayman, chunki hamma sohada ish topish mumkin. Lekin ko‘plab vatandoshlarimiz Shvetsiyada restoranlar, qurilish va avtobus boshqaruvchisi bo‘lib ishlashadi. Oylik maoshga keladigan bo‘lsak, hamma sohada har xil, lekin asosan eng kami $1500 dan o‘rtacha $2000 oylik olishadi. Yaxshi mutaxassislar esa bu summadan ko‘proq olishadi.

Oylik xarajatlarga keladigan bo‘lsak, oziq-ovqatga o‘rtacha $500 va 2 xonali xonadon ijarasi uchun o‘rtacha $700 ketadi.

Kelajakdagi rejalarim haqida aytadigan bo‘lsam, hozircha soham bo‘yicha doktoronturada o‘qishni niyat qilganman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring