«Kimning kichkina bo‘lsayam qo‘lida kasbi bo‘lsa, kuni o‘tadi» — Shavkat Mirziyoyev
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 32-umumta’lim maktabini kirib ko‘rdi.
Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilandi. Bu boradagi eng muhim sohalardan biri ta’limdir. Shu maqsadda yangi muassasalar qurish bilan birga ta’limning mazmunini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda.
32-maktab joriy yilda kapital ta’mirlandi. U 782 o‘quvchiga mo‘ljallangan. 22 ta sinfxona, sport zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 1 ming 500 dan ziyod badiiy adabiyotlar jamlangan.
Ma’lumki, yoshlarni kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunarga o‘rgatish maktab ta’limidagi asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Maktabning bo‘sh turgan yer maydonida yengil konstruksiyalardan qo‘shimcha xonalar qurilib, 15 xil kasb-hunar uchun sharoit tashkil etilgan. Ularda o‘quvchilar kompyuter, texnik xizmat ko‘rsatish, to‘quvchilik, sartaroshlik, kosmetologiya, kulolchilik, o‘ymakorlikning ilk saboqlarini o‘rganadi.
Prezidentimiz ushbu xonalarni kirib ko‘rdi, yozgi to‘garakka kelgan bolalar bilan suhbatlashdi.
— Biz oliy ta’limda qamrovni kengaytirib boryapmiz. Lekin hamma ham universitetda o‘qishni tanlamaydi. Shuning uchun farzandlarimizga maktabdayoq chet tillari va hunarlar o‘rgatishni maqsad qilganmiz. Kimning kichkina bo‘lsayam qo‘lida kasbi bo‘lsa, kuni o‘tadi. Keyin yana o‘z ustida ishlab, mahoratini oshirishi ham mumkin. Maqsadimiz — har bir yoshga munosib sharoit yaratish, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda o‘qituvchilar va mehnat faxriylari bilan muloqot qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter