Prezident maktablariga imtihonni Kembrij universiteti kengashi o‘tkazadi
Bugun, 28-fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Kembrij universiteti Imtihon kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Mazkur hujjat Prezident maktablari o‘quv jarayonlarini shakllantirishda XTV hamda «Cambridge Assessment International Education» o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi aytilgan.
Memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni joriy etish belgilandi.
«Cambridge Assessment» Prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘mak beradi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakalarini xalqaro me’yorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.
2019-yilning 20-fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarorni imzolagandi. Unga ko‘ra Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, og‘zaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun: 2019-yil holatiga ko‘ra Kembrij universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi o‘rinni egallaydi. «Times Higher Education» reytingiga ko‘ra, Kembrij universiteti barcha fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha top 10 talikka kiruvchi dunyodagi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
1858-yilda Universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari bo‘yicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter