Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inha professori Husniddin Olimov Yosh olimlar xalqaro maktabida ma’ruza-taqdimot bilan ishtirok etdi

Inha professori Husniddin Olimov Yosh olimlar xalqaro maktabida ma’ruza-taqdimot bilan ishtirok etdi

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»ga Toshkentdagi Inha universitetidan xabar berishlaricha, 2018-yilning 26-avgust — 1 sentyabr kunlari Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti (QozMU)da «Yuqori energiyali zarrachalarning fizika va astrofizikaga oid muammolari» mavzusidagi MDH mamlakatlari yosh olimlari uchun 5-Xalqaro maktabi bo‘lib o‘tdi.

Shunisi e’tiborga molikki, Toshkent shahridagi Inha universitetining professori, fizika-matematika fanlari doktori Husniddin Olimov an’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladigan MDH mamlakatlari yosh olimlari uchun xalqaro maktabda o‘z ma’ruza-taqdimoti bilan qatnashgan birinchi o‘zbekistonlik olim bo‘ldi. Professor Olimovga o‘zi bilan birga yana ikki nafar o‘zbekistonlik yosh olimni xalqaro maktabda tinglovchi sifatida ishtirok etishi uchun taklif qilish imkoniyati berildi.

Husniddin Olimov tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universitetining ikki nafar yosh PhD doktoranti — Shahnoza Kanokova va Shohrux Tojimamatovlar mazkur maktabda tinglovchi sifatida qatnashdilar. Uch nafar O‘zbekiston vakilining xalqaro maktabdagi ishtiroki bilan bog‘liq barcha xarajatlar MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi Davlatlararo gumanitar hamkorlik fondi tomonidan to‘liq qoplandi.

Xalqaro maktab ishida yuqori energiyali fizika va astrofizika sohasidagi yetakchi olimlar ma’ruzachilar sifatida hamda Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, O‘zbekiston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan tinglovchilar — yosh aspirant va doktorantlar, jami 60 nafar ishtirokchi qatnashdi. Yosh olimlar xalqaro maktabining asosiy maqsadi — yuqori energiyali fizika va astrofizika sohasida yetuk yosh mutaxassislar tayyorlash hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari orasidagi ta’limiy, ilmiy va madaniy aloqalarni saqlash va mustahkamlashdan iboratdir.

Quvonarlisi, Husniddin Olimovning yuqori energiyali yadroviy to‘qnashuvlarda hosil bo‘lgan zarrachalarni tahlil qilish metodikasiga bag‘ishlangan ma’ruzasi ham qatnashchilar, ham xalqaro maktab tashkilotchilari tomonidan yuqori baholandi hamda diplom va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring