Har kuni 75 kilometr yo‘l bosib maktabga qatnaydigan o‘qituvchiga poyezdda bepul yurish imkoniyati berildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda 75 kilometr yo‘l bosib, ya’ni Popdan Namanganga borib maktabda dars berib kelayotgan, Munisa Meliboyeva haqida xabarlar berilgan edi.
O‘z kasbining fidoiysi bo‘lgan ushbu o‘qituvchi qiz har kuni temir yo‘ldan foydalanishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan unga imtiyozli sertifikat berildi. Namangan temir yo‘l vokzalida mazkur hujjat o‘z egasiga topshirildi. Yosh va shijoatli hamda harakatchan Munisa Meliboyeva ushbu sertifikat bilan 6381/6382-sonli Qo‘qon – Namangan yo‘nalishidagi shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlarida Pop – Namangan va Namangan – Pop yo‘nalishida 2021 yilning 31 dekabriga qadar bepul yurish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– 8-mart – Xalqaro xotin qizlar bayrami arafasida menga juda katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi Munisa Meliboyeva. – Buning uchun men avvalo muhtaram Prezidentimizga, Transport vazirligiga hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbariyatiga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Bunday qulaylikdan foydalanib, bor bilimimni, tajribamni ishga solib, yoshlarimizning yetuk inson bo‘lib yetishishlariga o‘zimning yanada ko‘proq hissamni qo‘shishga va’da beraman.
Albatta, bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama bilimli, sog‘lom va komil inson qilib tarbiyalab voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarni ro‘yobga chiqarish uchun malakali kadrlarni, ayniqsa, o‘z kasbini sevib, olis hududlarga borib yosh avlodni tarbiyalayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab quvvatlash, ularga qulayliklar yaratib berish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter