Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Forum hamkorlik, taraqqiyot va istiqbolga yo‘l ochadi

Forum hamkorlik, taraqqiyot va istiqbolga yo‘l ochadi

Rivojlangan davlatlarning aksariyati tarixiga va buguniga, iqtisodiy ko‘rsatkichlariga qaraydigan bo‘lsangiz, ularning Ta’lim tizimiga e’tibori yuqori darajada bo‘lganining guvohi bo‘lasiz. Davlat budjetining eng katta qismini aynan shu tizimga ajratishgani ma’lum. Busiz ilm-fan rivojini, taraqqiyot tamoyillarini, kelajak ruhi va poydevorini, yurt farovonligini tasavvur qilish qiyin.

Chunki ilmu ta’lim rivoj topmagan mamlakatda taraqqiyot bo‘lmasligi aksioma. Shubhasizki, tarqaqqiyotning muhim tamoyili bu o‘zaro manfaatga qurilgan hamkorlik rishtasi bilan bevosita bog‘liq. Ilg‘or ta’lim muassasalarining tajribasidan samarali foydalanish, ta’lim jarayonlarini integratsiyalash hamda yetakchi ta’lim muassasalarining yutuqlarini joriy etish va ommalashtirish  maqsadga muvofiqdir. Bu borada O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani va erishilayotgan yutuqlar buning yaqqol kafolatidir. Bunga birgina 2021 yilning o‘zida Rossiyaning 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filialining ochilishi ikki davlatning mazkur sohadagi samarali hamkorligining yorqin namunasi deyish mumkin.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etilgan bo‘lib ulardan 12 tasi ochilgani, ularda jami 6 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgani yuqoridagi fikrimizning isbotidir. Shuningdek, ularda 267 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgani, ta’lim jarayoni 47 ta ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgani e’tiborga molik.

Ayniqsa, ushbu hamkorlikning bardavomligi sifatida 26 — 27 oktyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya 3-ta’lim forumini o‘tkazilayotgani, unda Rossiyadan 100 dan ortiq OTM rahbarlari ishtirok etishi hamda forum yakunida yuzga yaqin hamkorlik shartnomalarining imzolanishi nazarda tutilayotgani quvonarlidir. 2018 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi – ikki davlat ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda, tajriba almashishda samarali platformaga aylandi desak, xato bo‘lmaydi.

Forum doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining Rossiya  ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish, muhandislik-texnologiyasi, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish kengaytiriladi. Forum yakunida 100 ga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti jamoasi ham Rossiya federatsiyasidagi bir nechta oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilib keladi. Yaqindagina tashkil etilgan hamkorlik misolida ba’zi mulohazalarni bildirish mumkin. Ma’lumki, bizning ta’lim muassasamizga Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan. Respublikamizdagi bironta oliy ta’lim muassasasi bunday maqomga ega emas. Shuning uchun ham xuddi shu nisbatga xos bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qayta yo‘lga qo‘yildi.

Shu oyning boshlarida Rossiya «Oliy iqtisodiyot maktabi» milliy tadqiqot universitetining bir guruh mutaxassislaridan tarkib topgan delegatsiyasi universitetimizga tashrif buyurishdi. Ularni universitetimiz rektori, texnika fanlari doktori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich o‘z prorektorlari va bo‘lim boshliqlari bilan kutib oldi hamda muzokara o‘tkazdi.

Mehmonlar tarkibi A.N.Tixonova nomidagi Moskva «Elektronika va matematika» instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aksenov Sergey Alekseyevich, xuddi shu institutning direktor maslahatchisi Aleskerova Inessa Ivanovna, filologiya  bo‘yicha «Gumanitar fanlar» fakultetining aspirantlar maktabi direktori Virenkova Anastasiya Sergeyevna, Sankt-Peterburgdagi NIU VShE (OIM MTU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Kiseleva Mariya Alekseyevna, Nijniy Novgoroddagi NIU VShE (OIM MTU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shilovskaya Anna Anatolevna, NIU VShE (OIM MTU)ning Permdagi filiali direktori Volodina Galina Yemelyanovna, shu filial direktorining o‘rinbosarlari Zagorodnova Yekaterina Pavlovna va Shadrina Yelena Vitalevnalardan iborat edi. 

Ularning tashrifidan ko‘zlangan maqsad milliy tadqiqot universitetimiz bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash va boshqa ta’limiy jarayon bo‘yicha muzokaralar olib borish hamda amalga oshirishdir. Demak, asosiy yo‘nalishlardan biri professor-o‘qituvchilarning o‘zaro almashinuvidir. Tajribali professor o‘qituvchilarimizning ularga borishi ayni paytda ularning universitetimizga tashrifi tizimli ravishda amalga oshirilishi yuzasidan aniq rejalar ishlab chiqilishi qayd etildi. Shuningdek, talabalar uchun yozgi va kuzgi maktablarni tashkil  qilish maqsadga muvofiqligi e’tirof etildi.

Rossiyalik mutaxassislar iqtidorli talabalarimizning Rossiya Davlat grantlari asosida o‘qishlai mumkinligini ta’kidlashdi. Hamkorlik rishtalari har ikki tomonlama manfaatdorlik va do‘stona tarzda mustahkamlandi desak, xato bo‘lmaydi.

Bir necha kundan keyin tashkil etiladigan O‘zbekiston - Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining Samarqand forumi ham aminmizki, hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berishi tayin.

Ular o‘rtasida tuziladigan Bitimlar asosan Rossiyada rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etish bilan bog‘liqligi muhim.

Rahimboy Jumaniyozov, «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring