Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eski tos, eski hammom!» — O‘qituvchi nimadan norozi?

«Eski tos, eski hammom!» — O‘qituvchi nimadan norozi?

O‘zbekistondagi yetakchi nashrlardan biri — "Milliy tiklanish" gazetasining 2018-yil 21-noyabrdagi 46-sonida "O‘qituvchi nimadan norozi" nomli maqola e’lon qilindi.

Maqolada poytaxtimizdagi maktablarda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning fikr-mulohazalari e’lon qilingan bo‘lib, ularning iltimosiga ko‘ra, ism-familiyalari oshkor qilinmagan. Quyida mazkur maqolani e’tiboringizga havola etamiz.

“To‘g‘ri, oyligimiz biroz oshdi, yana oshadi, jamoat ishlariga jalb qilinmayapmiz. Bundan xursand bo‘ldik. Ammo maktabdagi qog‘ozbozlikdan hali qutulganimiz yo‘q. Eski tos, eski hammom! Kunda-kunora yigirmadan ortiq hujjat jildlaridagi ma’lumotlarni yangilash bilan ovoramiz. Ba’zan uyga ham olib ketib, tungi soat ikki-uchgacha uxlamay qog‘oz to‘ldiramiz. O‘z ustimizda ishlashga, qo‘shimcha dars qilishga vaqt bo‘lmayapti. Eng yomoni, bu ishlarning chek-chegarasi ko‘rinmayapti”.

***

“Har yili uzog‘i sentyabr oyining 15 kunigacha sinf jurnali berilardi. Ungacha vaqtinchalik jurnal tayyorlab yuritib turardik va haqiqiy jurnal kelishi bilan hammasini qaytadan ko‘chirardik. Bu yil vaqtinchalik jurnalni bir oy tutdik. So‘ng elektron jurnalga o‘tilarmish, degan gap-so‘zlar tarqaldi. Shundan so‘ng maktablarga vazirlik tomonidan haqiqiy jurnalning elektron nusxasi yuborilib, o‘qituvchilarga tez orada uni jurnal holatiga keltirish buyrug‘i berildi. Kimdir 50, kimdir 100 ming so‘m evaziga yangi jurnalni o‘z hisobidan tayyorlatib, ikki-uch kun uxlamay yozuv-chizuvini qildi. Jurnal tayyor bo‘lganda, vazirlikning yangi buyrug‘i keldi. Nima emish, endi haqiqiy jurnal kelarmish. Tezda hammasini qaytadan yangi jurnalga ko‘chirish shart ekan. Dod deb boshingni qaysi devorga urishni bilmaysan, nima, o‘qituvchining ko‘chir-ko‘chirdan boshqa ishi yo‘qmi?! Bu ustozlarning ustidan ochiqchasiga kulish emasmi?!”

***

“O‘qituvchilarning maktablarda kunduzi navbatchilik qilgani kamdek, kechasi ham “qo‘riqchi”lik qilishi hamon davom etyapti. Qorovullar nima uchun oylik oladi, bilmadim?! Erkak kishi bo‘lsang ham bir navi. Ammo ayol o‘qituvchining kechasi erkak qorovullar bilan bir binoda qolishi... Kamiga uxlamaslik kerak, chunki kechasi “rayono”dan tekshirib qolishlari mumkin. Tuni bilan uxlamay navbatchilik qilgan ustozning ertasi kuni qanday dars o‘tishini endi tasavvur qilavering”.

***

“Farzandlar tarbiyali bo‘lib, biror yutuqqa erishsa, ota-onaga rahmatlar aytiladi. Agar bola tarbiyasiz bo‘lsa-chi?! Bunga, avvalo, o‘qituvchilar asosiy aybdor bo‘lib qolmoqda. Ya’ni o‘quvchilarni tarbiyalash mas’uliyati, asosan, maktabga tashlab qo‘yilmoqda. Bola uyida bo‘lgan payti yoki maktab hududidan tashqarida biror huquqbuzarlik sodir etsa, ayb qilib qo‘ysa nima uchun ertasi kuni sinf rahbari yoki maktab direktori tushuntirish xati yozyapti, ishdan ketyapti. Axir maktabdan tashqarida farzandining yurish-turishi uchun ota-onasi javobgar emasmi?!”

***

“Yaqinda televizorda o‘qituvchilar bog‘i tashkil qilinishi haqidagi xabarni eshitib, kulib qo‘ya qoldik. Balki bu ham kerakdir. Lekin hatto o‘z farzandiga vaqt ajratolmagan o‘qituvchining boqqa borishga imkoni bormikan?! Undan ko‘ra, o‘qituvchilar uchun ta’lim vazirligiga tegishli bo‘lgan maxsus shifoxona, sog‘lomlashtirish markazlari tashkil qilgan yaxshi emasmi?! Nima uchun ko‘plab tashkilotlarning shifoxonalari, sanatoriylari bor-u, o‘qituvchilar uchun bunday qo‘layliklar yaratilmagan? Bu borada tegishli qarorlar chiqarish vaqti kelmadimikan?..

***

“O‘qituvchilarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash tizimida ham talay muammolar mavjud. Har yili maktablarda mukofotlanishga har tomonlama munosib bo‘lgan, bilim va tajribaga ega ko‘plab ustozlar nomzodlari ro‘yxati berilsa-da, yakunda ular qolib, ba’zan kechagina maktab ostonasiga kelgan, hali biror arzirli yutuqqa erishmagan, o‘quvchilar bilan muloqotga kirisha olmagan ayrim o‘qituvchilar “uloq”ni olib ketadi. Bu holatni nima deb baholash mumkin?!”

Ha, bu kabi gap-so‘zlar, muammolardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ustozlar vazirlik tomonidan berilayotgan “qop-qop” va’dalarning amalda ifodalanishini xohlaydi. Ta’lim tizimiga davlat budjetidan samarali mablag‘ ajratilayotganini nazarda tutsak, bu o‘rinda “hammasi mablag‘ga borib taqaladi”, deb aytish ham nojoiz ko‘rinadi. Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, odamlar faqat ertaga emas, bugun ham baxtli, farovon yashashga haqlidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring