Eng yaxshi o‘qituvchiga bir million dollar mukofot berildi
Dunyoning eng yaxshi o‘qituvchisi sovrini («Global Teacher Prize») va bir million dollar mukofot puli Keniyaning oddiy qishloq o‘qituvchisi Piter Tabichiga berildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tabiiy fanlar o‘qituvchisi Tabichi har oy maoshining beshdan to‘rt qismini aksariyati ota-onasini yo‘qotgan o‘quvchilariga kiyim-bosh va darsliklar sotib olishga sarflaydi.
Piter Tabichining maqsadi bolalarda fanga mehr uyg‘otishdir. U maktabga kelmay qo‘ygan o‘quvchilaridan xabar olib turadi, balog‘atga yetmagan qizlarini turmushga berayotgan ota-onalarni farzandlariga maktabni tugatishlariga imkon berishga ko‘ndiradi.
Uning o‘quvchilari milliy va xalqaro fan tanlovlarida, xususan, Britan qirolligi kimyo jamiyati tanlovida sovrinli bo‘lishgan.
«Global Teacher Prize» mukofoti «Varkey Foundation» jamg‘armasi tomonidan har yili topshiriladi. Uning 150 nafarlik hakamlar hay’ati bor. Mukofot ta’sischisi — hindistonlik tadbirkor Sanni Varkining maqsadi o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirishdir. Bu yilgi g‘olib 179 mamlakat muallimlari orasidan tanlab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter