Endi talabalarning kontraktlari oshadimi?
Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida Prezident Farmoniga ko‘ra, ish haqining eng kam miqdori atamasi o‘zgardi. Mazkur o‘zgarishlar OTM talabalari to‘lov-kontraktlariga ta’sir qiladimi? Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shu masalaga e’tibor qaratdi.
Biroz avval 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga quyidagi miqdorlar belgilangani xabar qilindi:
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 577 170 so‘m;
Bazaviy hisoblash – 202 730 so‘m;
Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 202 730 so‘m.
Bu xabarni o‘qigan ko‘pchilik, ayniqsa talabalar, ushbu yangilikdan so‘ng, «endi eng kam ish haqiga bog‘lab qo‘yilgan kontraktlarimiz ham 577 ming so‘mdan hisoblanadimi», deya so‘rashmoqda. Masalan, iqtisod yo‘nalishining kontrakti EKIH 50 baravari (10 mln 136 ming so‘m) edi, endi shu 577 ming so‘mdan hisoblansa, 28 mln 858 ming so‘m bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q, kontraktlar narxi oshmaydi.
Ushbu Farmonning kontraktlar oshishiga aloqasi yo‘q. Tushuntiraman.
Faqat atama o‘zgardi
Ilgari «eng kam ish haqi» degan tushuncha bor edi. Soliqlar, majburiy to‘lovlar, jarimalar, talabalarning kontrakti va boshqa narsalar aynan shu EKIHga bog‘lab qo‘yilardi. Masalan, falon yo‘l harakati qoidasini buzganlik uchun EKIHning falon miqdorida jarima deyilardi. Yoki notariusda oldi-sotdi shartnomani tasdiqlaganlik uchun EKIHning falon baravari miqdorida davlat boji deyilardi va h.k.
Ko‘pchilik «eng kam ish haqi» miqdorini oyliklar bilan bog‘lar va «202 ming so‘m oylikka ham yashab bo‘ladimi?» degan e’tirozlar juda ko‘p uchrar edi. Lekin eng qizig‘i O‘zbekiston hududidagi mehnat uchun to‘lanadigan eng kam ish haqi aslida 202 ming so‘m emasdi. U birmuncha balandroq va ish haqlarining hisoblanish tartibi alohida edi. Qiziqadiganlarga mana bu yoki mana bu maqolamni o‘qib ko‘rishni tavsiya qilaman, batafsil tushuntirganman.
Razryad, tarif koeffitsenti degan tushunchalar bilan hisoblaganda shu kungacha O‘zbekistonda 1 stavka uchun eng kam oylik ish haqi 577 ming 172 so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas edi.
Xullas, faqat nomigina «eng kam ish haqi» bo‘lgan, lekin aslida o‘zi maoshni anglatmaydigan bu atama odamlarni doim chalg‘itardi.
Endilikda ushbu muammoga chek qo‘yilib atamalar nomi o‘zgartirildi.
Ya’ni endi «mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori» degan atama paydo bo‘ldi va u 577 ming 170 so‘m etib belgilandi. Yuqorida aytganimdek, avval ham bu xuddi shuncha miqdorda edi, hech narsa o‘zgarmadi (faqat yaxlitlash hisobiga 2 so‘mga kamayibdi).
Bundan keyin «mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori» degan atama bilan
• maosh
• ustamalar
• qo‘shimcha haq
• gonorar va h.k.lar hisoblanadi.
Shuningdek, «bazaviy hisoblash» degan atama ham paydo bo‘ldi va bu shu kungacha mavjud bo‘lgan EKIH bilan bir xil – 202 ming 730 so‘m etib belgilandi. Mana shu aynan biz tepada gaplashgan narsalarga, ya’ni soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va h.k.larga qo‘llanadi.
Talabalarning to‘lov-kontrakti ham aynan shu atama bilan belgilanadi.
Masalan, bundan keyin qizil chiroqda o‘tib ketganlarga EKIH 2 baravari miqdorida jarima solinadi», deyilmaydi, balki «2 baravar bazaviy hisoblash miqdorida jarima solinadi» deyiladi.
Yoki talabalarning kontrakti ham endilikda «EKIH 45, 50, 60 baravar miqdorida» deyilmaydi, balki «45, 50, 60 baravar bazaviy hisoblash miqdorida» deyiladi.
Ya’ni puli o‘sha-o‘sha, faqat atama o‘zgardi xolos.
Va oxirgisi «pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori» degan atama ham paydo bo‘ldi, buning miqdori ham – 202 ming 730 so‘m etib belgilandi. Bu atama pensiyalar, ustamalar, qo‘shimcha haq va kompensatsiya to‘lovlari, shuningdek, xodimlar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashda qo‘llaniladi.
Yakuniy hulosa: ushbu Prezident farmoni bilan ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar, jarimalar, to‘lov-kontraktlar va boshqa shu kabi to‘lovlar oshishi kutilmayapti. Shunchaki mavjud atamalar boshqasiga almashtirildi hamda tushunarli tilga o‘girildi xolos.
P.S.: Farmonning boshqa maqsadlari ham boru, lekin bu yerda murakkablashtirgim kelmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter