Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi xotin-qizlarga ham OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi

Endi xotin-qizlarga ham OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi

Foto:«Tdpu.uz»

Hukumat qarori bilan Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, bunday tavsiyanomalar quyidagi mezonlardan biri asosida beriladi: 

- kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
- shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
- oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).

Nizom bilan tavsiyanoma olish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, har yili fevral oyida xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish bo‘yicha ishchi guruhi tuziladi.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10 mayga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalariga taqdim etadi.

Ishchi guruh tomonidan saralab olinib, qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro‘yxati har yili 15 iyunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Tavsiyanoma oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

Tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring