Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir o‘ringa 125 da’vogar» — Prezident maktablarida o‘qish uchun kurash boshlandi (foto)

«Bir o‘ringa 125 da’vogar» — Prezident maktablarida o‘qish uchun kurash boshlandi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 1-iyul kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarining 1-bosqich imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

2022-2023-o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20-iyun kunlari onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi. Ushbu o‘quv yilida faqat 5-sinfga qabul e’lon qilindi.

Tasdiqlangan jami arizalar soni 41 930 tani tashkil etdi. Imtihonlar natijasiga ko‘ra, Prezident maktablariga jami 336 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, tanlov darajasi shunchalik yuqoriki, birgina o‘rin uchun 125 nafardan bola raqobatlashadi. Hatto eng nufuzli universitetlarda ham bir o‘rin uchun kurash buning yarimichalik ham bo‘lmaydi. Shu sababli imtihonga kelgan bolalar endigina 4-sinfni bitirishgan bo‘lsa-da, ko‘zlari kattalarniki kabi porlaydi. Ishonchi, ishtiyoqi baland, qattiq kurashga jiddiy sinovlar bilan tayyorgarlik ko‘rishgani seziladi.

Prezident maktablarida imtihonlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, ya’ni bugun o‘quvchilar matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollarini ishlashdi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 60 daqiqa vaqt ajratildi.

Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir maktab kesimida 480 nafar talabgor 2-bosqichda qatnashadi.

Ikkinchi bosqichda esa axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha – mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan – 40 ta masala, ingliz tilidan – 40 ta test ishlanishi talab etiladi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi va Cambridge Assessment International Education tashkiloti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga binoan Prezident maktablariga qabul imtihonlari mazkur tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Imtihon javoblari Cambridge Assessment International Education tashkilotining rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi. 

Imtihonda javobi belgilangan masalalar toifalarining har biri bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabgorga quyidagicha tartibda ustunlik beriladi, ya’ni:

  • C toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;
  • B toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;
  • A toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;
  • Tug‘ilgan sanasi bo‘yicha (yoshroq nomzod tanlanadi).

Nomzodlar barcha toifadagi savollar bo‘yicha teng ball to‘plagan taqdirda, tug‘ilgan sanasi bo‘yicha saralanadi, bunda yoshroq nomzodga ustunlik beriladi. Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi va ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi faoliyat yuritmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring